Kubada noyob oq yo‘lbars tug‘ildi

Kubada noyob oq yo‘lbars tug‘ildi

Gavanadagi Kuba Milliy hayvonot bog‘i xodimlari Bengal yo‘lbarsining bolalaganini nishonlashmoqda. Yangi tug‘ilgan to‘rtta yo‘lbarscha orasida noyob oq yo‘lbars ham bor.

Ushbu yo‘lbars bolalari 12 mart kuni dunyoga kelgan bo‘lib, bu noyob hayvonlarni ko‘paytirishga qaratilgan 20 yillik harakatlarning samarasi hisoblanadi. Kichkintoylarning ota-onasi Fiona va Garfild laqabli yo‘lbarslardir.

«Yo‘lbarschalarning dunyoga kelish jarayonida hammasi yaxshi bo‘ldi. Hozir Fiona ona vazifasini bajara boshladi. U yaxshi ona bo‘lyapti» deydi hayvonot bog‘ining yo‘lbars bo‘yicha mutaxassisi Anxel Kordero.

Yo‘lbarchalarga hali nom berilmadi va ularning jinsi e’lon qilinmadi.

Oq yo‘lbarslar hammaga ma’lum bo‘lgan to‘q sariq Bengal yo‘lbarslarining genetik o‘zgargan ko‘rinishidir. Bir paytlar Bangladesh, Hindiston va Nepaldagi o‘rmonlarda minglab yo‘lbarslar yashardi. Ammo, bugungi kunda ularning soni keskin kamayib ketgan bo‘lib, 2500 tacha yo‘lbars qolgan xolos. Bunga brakonerlik, o‘rmonlarni yo‘q qilish va ortiqcha ov qilish sabab bo‘lmoqda.

«Hayvonot bog‘idagi jonzotlardan har birining ko‘payishi biz uchun muhim. Ammo, yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan hayvon tug‘ilganda ko‘proq quvonamiz, chunki biz bu turni dunyoda yo‘q bo‘lib ketmasligiga yordam berayotganimizni bilamiz. Kuba ozgina resurslarga ega bo‘lgan kichik mamlakat, shuning uchun biz dunyo uchun foydali bo‘lgan har qanday narsada ishtirok etishdan mamnunmiz» deydi Kordero.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!