Kim Chen In: Pxenyan har doim Moskva bilan
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In kecha, 29 noyabr kuni Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov bilan uchrashuvda Pxenyan doimo Moskva bilan birga bo‘lishini aytdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
"O‘rtoq Kim Chen In muhtaram Rossiya Federasiyasi Prezidenti, o‘rtoq Vladimir Vladimirovich Putinga, Rossiya hukumati, armiyasi va xalqiga samimiy tilaklarimni yetkazdi hamda Pxenyan har doim Moskva bilan birga bo‘lishini yana bir bor tasdiqladi", deyiladi xabarda.
Davlat ishlari raisi “KXDR hukumati, armiyasi va xalqi “davlat suvereniteti va hududiy yaxlitligini imperialistik gegemon hiyla-nayranglardan himoya qilishga tayyor bo‘lgan Rossiya Federasiyasi siyosatini doimo qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, deb ishontirdi.
“O‘rtoq Kim Chen In besh oydan so‘ng yana Pxenyanga kelgan Belousovni iliq kutib oldi va do‘stona va maxfiy suhbat o‘tkazdi”, deyiladi xabarda.
Belousov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomini yetkazdi, Kim Chen In esa Rossiya rahbariga “o‘rtoqlik salomi”ni yetkazishni so‘radi.
"Kim Chen Inning ta’kidlashicha, Koreya-Rossiya munosabatlari ikki mamlakat xalqlari farovonligiga ko‘maklashuvchi hamda mintaqadagi vaziyatni yumshatish hamda xalqaro strategik barqarorlikni kafolatlovchi kuchli xavfsizlik mexanizmidir", deb ta’kidlaydi agentlik.
KXDR davlat ishlari bo‘yicha raisi “ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni barcha jabhalarda, jumladan, siyosiy, iqtisodiy va harbiy sohalarda yanada faol ravishda kengaytirish va rivojlantirishga tayyorligini bildirdi”.
Shuningdek, Kim Chen In Belousov bilan uchrashuvda AQSh mas’uliyatsiz choralar ko‘rish orqali Ukrainadagi mojaroni cho‘zayotgani va keskinlashtirayotganini aytdi.
"O‘rtoq Kim Chen In Ukrainadagi vaziyat kundan-kunga og‘irlashib borayotganidan jiddiy xavotir bildirar ekan, so‘nggi paytlarda Qo‘shma Shtatlar tomonidan ko‘rilayotgan Rossiyaga qarshi choralar mojaroni cho‘zayotgan va barchaga tahdid soluvchi mas’uliyatsiz harakatlar ekanligi haqidagi pozisiyasini bildirdi", deyiladi xabarda.
Kim Chen Inning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakatlar “xalqaro hamjamiyat tomonidan qoralanishi kerak”.