Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga milliard dollar mablag‘ yo‘naltirilmoqda – ularning maqsadli sarflanishiga kim javob beradi?

Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra kichik va o‘rta biznesni qo‘llab quvvatlashga davlat va xalqaro tashkilotlardan jalb qilinadigan mablag‘lar hisobiga milliard dollarlab mablag‘ yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Ushbu mablag‘lar qanday sarflanadi va ularni nazorati olib boriladimi?
Mazkur qaror bilan Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilish bo‘yicha Respublika komissiyasi va uning hududiy komissiyalari tashkil etilmoqda. Ushbu komissiyalarda Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Bojxona va Soliq qo‘mitalari, Biznes ombudsman, Savdo Sanoat palatasi, tijorat banklari vakillari ishtirok etib mazkur Qaror bilan belgilangan vazifalarni o‘z nazoratiga oladilar.
Jumladan:
- Respublika komissiyasiga (J. Qo‘chqorov) 2023 yil 15 dekabrga qadar hududlar va davlat dasturlari yo‘nalishlari kesimida 2024 yilda 2 mln aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash topshirilmoqda.
- Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari I. Norqulov va Markaziy bank raisi o‘rinbosari A. Turdaliyev aholini kichik va o‘rta biznesga jalb qilish va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish bo‘yicha mas’ul etib belgilanmoqda.
Shu bilan birgalikda ajratilayotgan kreditlarni kafolatli qaytarish bo‘yicha quyidagi mexanizmlar joriy etilmoqda:
a) kredit ajratishning barcha bosqichlari (arizani ko‘rib chiqish, qaror qabul qilish, kafillik berish va kredit ajratish) raqamlashtirilgan holda elektron platformalarda amalga oshiriladi;
b) kredit ta’minotlarini nazorat qilish, garovga olingan mulklarni taqiqdan chiqarish hamda almashtirish jarayonlari elektron platformalar orqali markazlashgan holda tashkil qilinadi;
v) AyTi yordamida mijozlar faoliyati tahlil qilinib xatarlar oldindan aniqlash mexanizmi amaliyotga joriy etiladi;
g) tuman (shahar) va mahallalarga ajratiladigan kreditlar hajmi yuzaga kelgan muammoli kreditlar ulushidan kelib chiqib belgilanadi.
Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak harajatsiz daromad ko‘rib bo‘lmaydi. Bu degani tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlamasdan va ularni rag‘batlantirmasdan tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni iloji yo‘q.
Qolaversa kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shuningdek yo‘naltirilayotgan mablag‘larni, nazoratiga alohida e’tibor qaratilib yuqori turuvchi mansabdor shahslarning shaxsiy zimmasiga yuklatilgan.