“Kentavr” koronavirusning avvalgi mutasiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq!

“Kentavr” koronavirusning avvalgi mutasiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq!

Shu kunlarda dunyoda pandemiyaning navbatdagi to‘lqini avj olgan. Bunga koronavirusning yangi mutasiyalari keng tarqalishi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Ammo kasallanish ko‘rsatkichlari hademay yanada oshishi mumkin. Chunki “omikron” shtammining BA.2.75 subvarianti kelgusida dominant pozisiyani egallashi kutilyapti.

Mutaxassislar COVID-19ning bu versiyasiga “kentavr” ham deb nom bergan. U ilk bor Hindistonda aniqlanganidan buyon qariyb ikki oy vaqt o‘tdi. Shu qisqa davrda virus AQSH, Germaniya, Kanada, Avstraliya, Niderlandiya, Daniya, Yaponiya, Buyuk Britaniya kabi o‘nlab mamlakatlarga yoyilib ulgurdi.

Yaqinda esa ular safiga Rossiya ham qo‘shildi. Jami yetti nafar bemor “kentavr”ni yuqtirgani tasdiqlandi.

Olimlarning qayd etishicha, mazkur mutasiya turi “omikron”ning avvalgi versiyalariga nisbatan kamida 16 foiz yuqumliroq. Qolaversa, koronavirusdan tuzalgan insonlarda hosil bo‘ladigan immunitetga ham “chap berib” o‘tishga qodir.

Biroz taskin beradigan jihati esa “kentavr”ni yuqtirgan bemorlarda xastalik nisbatan yengil kechmoqda. Shifoxonaga yotqizish holatlari juda kam.

BA.2.75 subvariantining belgilari “omikron”ning boshqa shtammlari alomatlaridan deyarli farq qilmaydi. Isitma, yo‘tal, burun bitishi, bosh va mushaklar og‘rig‘i, holsizlik, kuchli terlash hamda limfa tugunlari yallig‘lanishi shular jumlasidan.

Bundan tashqari, bemorlarda diareya, ko‘ngil aynishi va qayt qilish kabi simptomlar ham kuzatilmoqda.

“Kentavr”, avvalo, yuqori nafas yo‘llariga ta’sir qiladi. Shu sababli bu subvariantni yuqtirganlar orasida pnevmoniya, ya’ni o‘pka yallig‘lanishidan aziyat chekayotgan soni ancha kam. Qolaversa, infeksiyaga chalinganlarda avvalgidek hid bilish qobiliyati yo‘qolishi kuzatilgani yo‘q.

Shunga qaramay, mutaxassislar xavf guruhiga mansub aholi qatlami, xususan, yoshi katta insonlar, surunkali kasalliklarga chalinganlar jamoat joylarida ehtiyotkorlikni kuchaytirib, karantin qoidalariga qat’iy rioya qilishlari zarur, degan fikrda.

❗️Eng asosiysi, koronavirusga qarshi vaksinalar bilan to‘liq va buster dozalarda emlanish muhim!


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!