Katta miqdorda imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan oilaviy korxona rahbarlari aniqlandi

Katta miqdorda imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan oilaviy korxona rahbarlari aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Termiz shahar bo‘limi tomonidan “Mikrokreditbank” ATB Surxondaryo viloyati mintaqaviy filialining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “L.T.” oilaviy korxona rahbari X.B. va boshqalar tikuvchilikni rivojlantirish uchun ajratilgan 622,9 mln so‘m imtiyozli kredit evaziga tikuv dastgohlarini olib kelmasdan, ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Shuningdek, bankning Front-ofis bo‘limi sobiq boshlig‘i A.U. ushbu maqsadsiz ishlatilgan kredit qarzdorliklarini to‘lash uchun yangi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tashkil etib, bankdan kredit olib berish evaziga OK rahbari X.B.ning 30 mln so‘m naqd pulini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi ma’lum bo‘lgan.

Shu kabi, Departamentning Farg‘ona tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “J.S.” oilaviy korxona rahbari Y.Q. va boshqalar hududiy tijorat banki filialidan 23 nafar fuqaroga issiqxona qurish va chorva mollari yetkazib berish uchun ajratilgan 620 mln so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi (firibgarlik), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!