Karantin: Plastik kartam blokka tushib qoldi, bankka borishim shartmi?

Karantin: Plastik kartam blokka tushib qoldi, bankka borishim shartmi?

Avval ma’lum qilganimizdek, AOKA huzuridagi shtabda Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Husanxo‘ja Abidov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifing davomida fuqarolarning banklar faoliyatiga oid muhim savollariga qaytarildi.

1. Hozirgi vaziyatda naqd pul ushlash — juda xavfli deyishyapti. Bankomatlarda “cash in”, ya’ni kartani naqd pul orqali to‘ldirish operasiyasini amalga oshirish funksiyasi mavjudmi?

Banklar tomonidan respublika miqyosida jami 5 mingdan ortiq bankomat joylarga o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan 948 tasi cash in/out funksiyali bankomatlar hisoblanadi.

Ularning 548 donasi — Uzkard tizimi bankomatlari va 400 donasi — “HUMO” tizimi bankomatlari. Mazkur bankomatlar orqali mijozlar naqd pul mablag‘larini bank kartalariga kirim qilish imkoniyatiga ega.

2. Bank kartamni do‘kondagi kassirga bergan edim, ammo kassir kartamning parolini noto‘g‘ri terib, blokka tushirib qo‘ydi. Karantin paytida blokka tushgan kartalarni blokdan yechish bo‘yicha tushuntirish bering. Bankka pasportim bilan borishim shartmi?

Avvalambor, Siz aytayotgan “parol“ — bank kartasi egasining shaxsiy identifikasiya raqami hisoblanib, savdo nuqtalari orqali to‘lovlarini amalga oshirish jarayonida SHIR-kodni shaxsan kiritishingiz tavsiya etiladi.

Hozirda bloklangan bank kartalarini blokdan chiqarish bo‘yicha tijorat banklari tomonidan murojaatlarni masofaviy (onlayn) tarzda qabul qilish imkoniyati mavjud.

Bunda tijorat banklari axborot kommunikasiya tizimlari orqali kelgan murojaat egasi, ya’ni mijozning zaruriy rekvizitlari masofadan turib identifikasiya qilinadi. Identifikasiyadan o‘tgan mijozning murojaati shu zahoti ko‘rib chiqilib, uning bank kartasi blokdan olinib tashlanadi.

3. Men tadbirkorman. Bugungi karantin davrida import shartnomasi bo‘yicha to‘lovlarni bankka bormasdan amalga oshirsa bo‘ladimi? Odatda banklar tashqi savdo operasiyalar bo‘yicha to‘lov hujjati asl nusxasini so‘raydi. Hozirgi holatda nima qilishimiz kerak?

Import shartnomalari bo‘yicha to‘lovlarni internet-banking tizimi orqali, ya’ni bank kliyentga ulangan holda masofadan turib o‘z hisob varaqingizdan tashqi savdo operasiyalari bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin.

Hozirda bu xizmat aksariyat tijorat banklarida joriy qilingan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!