«Kam ta’minlangan oilamiz, o‘g‘lim alimentni qanday to‘laydi?»

«Kam ta’minlangan oilamiz, o‘g‘lim alimentni qanday to‘laydi?»

— Avval ham kelinim qizlik uyiga tez-tez ketib qolardi. 3-4 kundan so‘ng oldimga solib olib kelardim. Rosti, bunday ishlardan bezor bo‘lganim uchun bu safar ortidan bormadim. O‘g‘lim ham «o‘zi kelsa keldi, bo‘lmasa yashamayman», degach, o‘zlariga tashlab qo‘ygandim. Mana, kelinimning ketib qolganiga 15 kun bo‘lishi bilan alimentdan qog‘oz keldi. Sud 26,6 foiz miqdorida aliment undiruvi tayinlabdi. O‘g‘lim bandlikka ko‘maklashish markazida ro‘yxatda tursa, sog‘ligi yaxshi bo‘lmasa, buning ustiga, kam ta’minlangan oilamiz, alimentni qanday to‘laydi? Sud shularni inobatga olmaydimi? Bizga nima maslahat berasiz?

Ismi sir tutildi

Murojaatga fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumanlararo sudi sudyasi Farhod SHARIPOV javob berdi:
— Oila kodeksining 96-moddasiga asosan ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shart.
Voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undiriladi.
Shuningdek, mazkur Kodeksning 97-moddasiga muvofiq voyaga yetmagan bolalariga aliment to‘lash va ularga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir. Voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ta’minot berishda ota-onaning majburiyatlari tengdir.
Ota-onaning voyaga yetmagan bolalariga to‘laydigan aliment miqdori ushbu Kodeksning 99-moddasida belgilangan. Unga ko‘ra, agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun — to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun — uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun — yarmisi miqdorida undiriladi.
Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin. Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Ushbu Kodeksning 102-moddasida ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdorini aniqlash tartibi belgilangan. Unga asosan ota-onadan bolalarga undiriladigan aliment miqdori aliment to‘lovchining oylik ish haqiga va (yoki) boshqa daromadiga nisbatan ulushlar hisobida yoki pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan ota-onaning ish haqi va (yoki) boshqa daromadi doimo bir xilda bo‘lmay, o‘zgarib tursa yoxud daromadining bir qismini natura tarzida oladigan bo‘lsa, shuningdek daromaddan ulush tarzida aliment undirish imkoniyati bo‘lmasa yoinki ota-ona rasman belgilangan ish haqi yoki daromadga ega bo‘lmasa, voyaga yetmagan bolalarning ta’minoti uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan aliment miqdori har oyda pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi mumkin.
Shu o‘rinda, ta’kidlash lozimki, Kodeksning 116-moddasiga asosan voyaga yetmagan yoki voyaga yetgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga aliment to‘lash haqidagi sudning hal qiluv qarorini bajarishdan bo‘yin tovlagan shaxslar ushbu Kodeksning 79-moddasiga asosan ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Aliment undirish haqidagi sud buyrug‘ini bekor qilish tartibi Fuqarolik prosessual kodeksining 181-moddasida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, qarzdor arz qilingan talabga qarshi e’tirozlarini buyruqni bergan sudga sud buyrug‘ining ko‘chirma nusxasini olgan kundan e’tiboran o‘n kunlik muddatda yuborishga haqli. Bunday holda sudya sud buyrug‘ini bekor qilib, bu haqda ajrim chiqaradi. Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimda sudya undiruvchi bildirgan talab da’vo ishini yuritish tartibida taqdim etilishi mumkinligini tushuntiradi. Sud buyrug‘ini bekor qilish to‘g‘risidagi ajrimning ko‘chirma nusxasi ajrim berilganidan keyin uch kundan kechiktirmay undiruvchiga va qarzdorga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki ularga pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Alimentlar undirish to‘g‘risidagi sud buyrug‘i ijro ishini yuritish bo‘yicha undiruv tugaguniga qadar undiruvchining arizasiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!