Josuslikda ayblangan yapon diplomati Rossiyani tark etdi

Josuslikda ayblangan yapon diplomati Rossiyani tark etdi

Avvalroq Vladivostokda maxfiy ma’lumotlarni to‘plagani uchun hibsga olingan yapon diplomati Motoki Tasunori 28 sentyabr kuni Rossiyani tark etdi. Bu haqda Tokiodagi matbuot anjumanida tashqi ishlar vaziri Yoshimasa Xayashi ma’lum qildi.

“Diplomat 28 sanada Rossiyani tark etdi, biroq Yaponiyaga hali yetib kelgani yo‘q. Vaziyatning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, batafsil ma’lumot berishdan tiyilaman”, deydi u.

Vazir Tasunori u ayblangan faoliyat bilan shug‘ullanmaganini ta’kidladi, shuningdek, Rossiya tomonining harakatlarini tanqid qildi.

“Bu konsullik xodimi persona non-grata deb e’lon qilinganiga ishonish qiyin. Biz allaqachon Rossiya tomoniga norozilik bildirganmiz va bunga jiddiy yondashishni talab qilishda davom etamiz”, deya qo‘shimcha qildi TIV rahbari.

Xayashi, shuningdek, Tokio o‘z diplomatini chiqarib yuborganlik uchun javob chorasi imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. Biroq u bunday harakat tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortdi.

26 sentyabr kuni Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Yaponiyaning Vladivostokdagi konsuli Motoki Tasunori jinoiy ish bilan hibsga olinganini ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, konsul pul mukofoti evaziga “Rossiyaning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan biri bilan hamkorligining joriy jihatlari, G‘arb sanksiyalar siyosatining Primorsk o‘lkasidagi iqtisodiy vaziyatga ta’siri haqida cheklangan ma’lumot” olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Yaponiya tomoniga diplomatik kanallar orqali norozilik bildirildi, konsulning o‘zi esa persona non-grata deb e’lon qilindi. Unga 48 soat ichida Rossiyani tark etish buyurildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!