Joriy yilda yuridik texnikumlarga 3000 nafar o‘quvchi qabul qilinadi - Adliya vazirligi

Joriy yilda yuridik texnikumlarga 3000 nafar o‘quvchi qabul qilinadi - Adliya vazirligi

Adliya vazirligi yuridik texnikumlarining 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul jarayonlariga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Ma’lum qilinishicha, Respublikaning 14 ta hududida joylashgan jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi yuridik texnikumlarda (har bir hududda bittadan) 3 ta soha mutaxassisliklari (davlat-huquqiy faoliyat, yuridik xizmat va sud huquqiy faoliyat) bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda va o‘qish muddati 2 yil etib belgilangan.

Adliya vazirining tegishli buyrug‘iga muvofiq 2022/2023 o‘quv yili uchun qabul parametrlari tasdiqlangan bo‘lib, unga ko‘ra respublika miqiyosida jami 3000 (uch ming) nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Shundan 580 nafari davlat granti asosida, 2420 nafari to‘lov kontrakt asosida tahsil oladi. Tillar kesimidagi taqsimotga ko‘ra, davlat granti asosida qabul qilinadigan 580 nafar talabaning 540 nafari o‘zbek guruhlarida, 30 nafari rus hamda 10 nafari qoraqalpoq guruhlarida ta’lim olishi nazarda tutilgan.

Qabul parametrlariga ko‘ra to‘lov kontrakt asosidagi 2420 nafar talabaning 1520 nafari kunduzgi, 900 nafari sirtqi ta’lim shaklida tahsil oladi. Shundan 2240 nafari o‘zbek guruhlarida, 130 nafari rus guruhlarida, 50 nafari qoraqalpoq guruhlarida ta’lim olishi mo‘ljallangan.

Yuridik texnikumlarga qabul jarayonlari 1 avgust kunidan boshlangan va 20 avgust kuniga qadar (shu kuni ham) davom etadi. Xozirgi kunda abituriyentlar Davlat xizmatlari markazlari, O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Davlat test markazining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda tegishli hujjatlarni topshirishmoqda.

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida yuridik texnikumlarga umumta’lim maktablarining 11-sinfini, akademik lisey, kasb-hunar maktablari va kollejlarni tamomlagan shaxslar kirishi mumkin. Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan 25 – 30 avgust kunlari o‘tkaziladi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, baholash mezonlari, test topshiriqlari soni Toshkent dalat yuridik universiteti bakalavriatiga kirish uchun belgilangan talablarga muvofiq aniqlanadi.

Qayd etilishicha, Toshkent davlat yuridik universiteti huzuridagi akademik liseyni tamomlagan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarining 56 va undan yuqori foizlik natijalariga ega bitiruvchilar hamda respublika oliy ta’lim muassasalarida “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etib, unda to‘plash mumkin bo‘lgan umumiy ballning 60 va undan yuqori foizini to‘plab, o‘qishga tavsiya etilmagan abituriyentlar yuridik texnikumlarga kirish imtihonlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida qabul parametrlaridan tashqari qabul qilinishi belgilangan.

Yuridik texnikumlarning bitiruvchilari bugungi kunda 90 dan ortiq soha mutaxassisliklarida, xususan notarius yordamchisi, FHDYo bo‘limi inspektori, sudya yordamchisi hamda davlat ijrochisi lavozimlarida faoliyat yuritishlari mumkin.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!