Italiya kuchli qurg‘oqchilikka duch keldi

Italiya kuchli qurg‘oqchilikka duch keldi

Italiya oxirgi 70 yil davomida kuzatilmagan kuchli qurg‘oqchilikni boshdan kechirmoqda. Mamlakatning bir necha hududlarida favqulodda vaziyat rejimi joriy etildi.

Hukumat kunduz kunlari ichimlik suvini me’yorida iste’mol qilishni tavsiya etmoqda. Ayrim joylarda kechasi suv ta’minoti to‘xtatilyapti.

Rekord darajadagi yuqori harorat va quruq ob-havo mamlakat shimolidagi Po daryosi qirg‘oqlarida sholi va makkajo‘xori hosilini nobud qildi. Daryoda suv miqdori minimum ko‘rsatkichda. Fermerlar Assosiasiyasi uch milliard yevrodan ortiqroq zarar ko‘rdi. Qurg‘oqchilik chorvachilikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. Chorvadorlar uy hayvonlarini saqlab qolish uchun imkon qadar harakat qilishmoqda. Lekin bu xarajatlarning keskin oshishiga olib kelyapti.

“Biz sigirlar uchun maxsus shamollatish tizimini ishlab chiqdik. Bu ularni yuqori haroratdan asrashga yordam beradi. Bu uskuna 65 ming yevro turadi. Bundan tashqari, elektr energiyasi narxi ham oshdi. Ventilyasiyani kechayu kunduz ishlatishga majbur bo‘lyapmiz”, deydi chorvadorlardan biri Ettori Ferrarini.

Qishda tog‘larga, ayniqsa janubiy Alp tog‘lariga kam qor tushyapti. Vaziyat yildan yil og‘irlashib bormoqda. Daryolarda suv sathi pasayib ketgan. Olimlar buni iqlim o‘zgarishining natijasi deb aytishmoqda. Bu odamlar turmush tarziga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!