Isroil Ukrainaga dronlarga qarshi tizimlar jo‘natadi

Isroil Ukrainaga dronlarga qarshi tizimlar jo‘natadi

Isroil Ukrainaga uchuvchisiz parvoz apparatlariga qarshi kurashda qo‘llaniluvchi tizimlarni sotish uchun eksport lisenziyalarini tasdiqladi. Ular yordamida Rossiya jangda qo‘llayotgan Eron dronlariga qarshi kurashish mumkin, deb yozadi Axios Isroil va Ukraina rasmiylariga tayanib.

Nashr suhbatlashgan manbalarning ma’lum qilishicha, fevral oyi o‘rtalarida, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu ko‘rsatmasi bilan Isroilning bu urushga munosabati qayta ko‘rib chiqilayotgan paytda, Mudofaa vaziri Yoav Gallan va tashqi ishlar vaziri Eli Koen bu kelishuvga ruxsat bergan.

Lisenziyalar Elbit va Rafael kompaniyalari uchun berildi. Rasmiylarning fikricha, bu siyosiy qadam Isroil siyosatidagi o‘zgarishni anglatmaydi, chunki ular berilayotgan texnika mudofaa xarakteriga ega va o‘t ochish uchun ishlatilmaydi. Qolaversa, bu tizimlarni Kiyevga taqdim etish Isroil manfaatlariga ham javob beradi. Chunki Isroil harbiy muhandislari shu bahona bu tizim Eron dronlariga qarshi urushda qanchalik samarali ekanini ham tekshirib olishmoqchi.

Avvallari rasmiy Tel-Aviv Ukrainaga harbiy yordam bermaslikka harakat qilib, bu Rossiya bilan keskinlikni keltirib chiqarishi va Isroilning Suriyadagi xavfsizlik manfaatlariga zarar yetkazishidan qo‘rqib kelgan.

Dronga qarshi tizimlar 40 km. masofaga yetuvchi ta’sir kuchiga ega. Ularni elektr stansiyalari yoki shunga o‘xshash muhim ob’ektlar yaqiniga o‘rnatish ham mumkin.

Ukraina Mudofaa vazirligi delegasiyasi allaqachon Isroilga tashrif buyurib, ushbu tizim taqdimotida ishtirok etgan ularni sotib olish zaruriyatini baholagan. Lekin hali shartnoma imzolanmagan.

Rasmiy ravishda Isroil Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning iltimoslari va AQSh ma’muriyatining bosimiga qaramay, Kiyevga faqat gumanitar yordam ko‘rsatishni tasdiqlaydi, qurol yetkazib berishdan bosh tortib keladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!