Islom Karimov va Jadidlar harakati (VIDEO)
SSSR Oliy sudi harbiy hay’atining 1938 yil 4 oktyabrdan 16 oktyabrga qadar davom etgan majlislarida 507 nafar o‘zbekistonlik mahbus ustidan hukm o‘qildi. Xususan, 4 oktyabr kuni ulug‘ adiblar Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, birinchi o‘zbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonov, folklorshunos olim va publisist G‘ozi Olim Yunus, adabiyotshunoslar Qayum Ramazon, Otajon Hoshim otuvga hukm qilindi. O‘lim hukmi shoshilinch ravishda ijro etildi.
Vatanimiz tarixidagi eng qayg‘uli hodisalardan biri – Stalin qatag‘onlari davrida o‘zbek xalqining asl o‘g‘lonlari, jadidchilik harakatining taniqli vakillari, erksevar shoir-yozuvchilar, millatparvar davlat arboblari, peshqadam olimlar yo‘q qilindi.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov milliy o‘zlikni anglash, ma’naviy-madaniy merosni qayta tiklashga istiqlolning ilk yillaridanoq davlat siyosati darajasida e’tibor qaratdi. Jumladan, sho‘ro qatag‘oni qurboni bo‘lgan erksevar zotlarga qo‘yilgan soxta ayblovlar olib tashlanib, ularning pok nomi qayta tiklandi. Yarim asr davomida temir sandiqlarda saqlangan kitoblar yana yorug‘ dunyo yuzini ko‘rdi.
Sobiq tuzum davrida xalqimizning ma’rifatparvar o‘g‘lonlari nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan Toshkentning Bo‘zsuv sohilidagi qarovsiz joy Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida obod ziyoratgohga aylantirildi. Bu yerda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi hamda “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi tashkil qilindi. 31 avgustni Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlash ezgu an’anaga aylandi.
