Islom hamkorlik tashkiloti o‘zbekistonlik tadqiqotchilar uchun grant dasturlarini ishlab chiqadi
O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Islom hamkorlik tashkilotining Ilmiy va texnologik hamkorlik bo‘yicha doimiy qo‘mitasi (COMSTECH) bosh koordinatori Iqbol Choudri bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida ilm-texnologik yo‘nalishda hamkorlikni kengaytirish, o‘zaro manfaatli loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
COMSTECH bosh koordinatori so‘nggi yillarda ilm-fan, innovasion texnologiyalarni rivojlantirish va ularni milliy iqtisodiyot tarmoqlarida bevosita qo‘llash borasida O‘zbekiston erishayotgan yutuqlarni yuqori baholab, bularning barchasi davlat rahbari tomonidan ta’lim va innovasion rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarning natijasi ekanini e’tirof etdi.
"O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar, qomusiy olimlar va ulamolarning dunyo ilm-faniga va islom sivilizasiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi hech kimga sir emas. O‘zbekiston, xususan mamlakat OTMning yuqori ilmiy salohiyatidan yaxshi xabardormiz. Ushbu salohiyatni xalqaro platformalar orqali jahon ilmiy hamjamiyatiga namoyish qilish muhim. Shunga ko‘ra COMSTECH 57 ta mamlakat ilmiy doiralari bilan hamkorlik uchun "noyob eshik" vazifasini o‘tashi mumkin", – deya qayd etdi tashkilot rahbari.
Iqbol Choudri boshchiligidagi delegasiyaning shu yilda O‘zbekistonga tashrifini tashkillashtirib, tashrif doirasida ilm-fan, oliy akademik ta’lim yo‘nalishida hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish, o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish tomonlar ish jadvaliga kiritildi.
O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlarning insoniyat ilm-fani taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida xalqaro tadbirlar, ularning ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida hamkorlikda astronomiya, geografiya, fizika fanlaridan xalqaro musobaqalar, olimpiadalar tashkil etishga, talabalar va tadqiqotchilar uchun grant dasturlarini ishlab chiqishga kelishildi.