Shimoliy Koreya Eron masalasida ehtiyotkorlik qilmoqda
Bu haqda CBS News telekanali Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Janubiy Koreya Milliy razvedka xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya Eron bilan munosabatlarda o‘zini "sug‘urtalayotgan" bo‘lishi mumkin. Hozircha Pxenyan Eronga urush uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ yoki boshqa qurollar yetkazib berayotgani haqida hech qanday ma’lumotlar yo‘q.
Razvedka vakillarining dushanba kuni bo‘lib o‘tgan yopiq brifingda ma’lum qilishicha, Pxenyan Tramp ma’muriyati bilan kelajakdagi muloqot imkoniyatini saqlab qolish maqsadida ehtiyotkor pozisiyani egallayapti.
Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroilning Eronga hujumlarini noqonuniy deb atagan bo‘lsa-da, razvedka xizmati Pxenyan Eronning marhum oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiyning vafoti munosabati bilan rasmiy ta’ziya bildirmaganini qayd etdi.
So‘nggi yillarda Kim Chen In "yangi sovuq urush" g‘oyasini qo‘llab-quvvatlab, Qo‘shma Shtatlarga qarshi davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirishga intilgandi, jumladan, 2024 yil aprel oyida Eronga iqtisodiy delegasiya yuborgan edi, deyiladi xabarda.
