Dog‘istonda kuchli yomg‘irlar oqibatida minglab uylar suv ostida qoldi
Dog‘iston Respublikasida kuchli yomg‘irlar oqibatida 9 ta aholi punkti hanuz suv toshqinidan zarar ko‘rgan holatda qolmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida 2 075 ta turar joy, 1 817 ta hovli va 173 ta yo‘l uchastkalari suv ostida qolgan. Hozirda vaqtincha joylashtirish punktlarida 731 nafar aholi, jumladan 241 nafar bola joylashtirilgan.
Eng og‘ir vaziyat Derbent tumanida kuzatilmoqda. Bu yerda suv sathining ko‘tarilishi natijasida gidrotexnik inshootda yorilish yuz bergan va bir qator aholi punktlarida qisman evakuasiya o‘tkazilgan. Jami 4 mingdan ortiq kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirilgan.
Maxachqala shahrida ham vaziyat murakkab. Perova ko‘chasida yer yuvilishi sabab ko‘p qavatli uyga qo‘shimcha qurilgan binolardan biri qulagan. 500 nafar aholi, shu jumladan 150 nafar bola evakuasiya qilingan. Shuningdek, ayrim mahallalarda uylar va transport vositalari suv ostida qolgan.
Qayd etilishicha, tabiiy ofat oqibatida 132 ta aholi punkti elektr ta’minotisiz qolgan, 70 mingdan ortiq aholi nursiz qolmoqda. Ayrim hududlarda transport qatnovi ham uzilgan.
Qutqaruv ishlariga 3 mingdan ortiq mutaxassis va yuzlab texnika jalb etilgan. Favqulodda xizmatlar aholini xavfli hududlardan evakuasiya qilish, vayronalarni bartaraf etish va infratuzilmani tiklash ishlarini davom ettirmoqda.
Sinoptiklar ma’lumotiga ko‘ra, hududda yomg‘irlar hali davom etishi kutilmoqda. Shu bois sel, ko‘chki va toshqin xavfi saqlanib qolmoqda.
