Mart oyida inflyasiya 0,6 foizni tashkil etdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning mart oyida iste’mol sektorida tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,6 foizga oshgan.
Yillik iste’mol narxlari indeksi 107,1 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,2 foiz bandga past (2025 yil mart — 110,3 foiz).
Mart oyida narxlar o‘sishi asosan oziq-ovqat mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Xususan, oziq-ovqat mahsulotlari 1,2 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,3 foizga, xizmatlar esa 0,2 foizga qimmatlashgan.
Oziq-ovqat mahsulotlari orasida pomidor (11,5%), bulg‘or qalampiri (10%), kartoshka (9,8%), qovoq (9,4%), olma (7,4%), banan (6%), limon (4,4%) narxlarining o‘sishi inflyasiyaga asosiy ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, tuxum, go‘sht, baliq, shakar va o‘simlik yog‘i narxlari ham oshgan.
Ayni paytda bodring (-20,7%), karam (-4,7%) va piyoz (-4,6%) narxlarining pasayishi inflyasiyani cheklovchi omil sifatida qayd etildi.
Nooziq-ovqat mahsulotlarida ayrim dori vositalari, kiyim-kechak va sement narxlari oshgan bo‘lsa, propan hamda AI-92 benzini narxi pasaygan.
Xizmatlar sohasida maishiy chiqindilar uchun to‘lov va ta’mirlash xizmatlari qimmatlashgan, biroq ichki va xalqaro aviaqatnov tariflari arzonlashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hisob-kitoblar 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan olingan qariyb 1,2 million narx kuzatuvlari asosida shakllantirilgan. Unda 419 turdagi tovar va 98 turdagi xizmat narxlari tahlil qilingan.
