Ipotekani moliyalashtirish borasida Janubiy Koreya tajribasi

Ipotekani moliyalashtirish borasida Janubiy Koreya tajribasi

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari ipotekani moliyalashtirish borasida Janubiy Koreya tajribasini o‘rgandi.

Janubiy Koreyada ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar (MBS) bozorining dastlabki rivojlanish davri 1990-yillarning oxiri va 2000-yillarning boshlariga to‘g‘ri keladi. Bu davrda Janubiy Koreyada MBS bozorining rivojlanishi quyidagi muhim bosqichlarni o‘z ichiga oldi.

Moliyaviy sektordagi islohotlar: 1997-yilda Osiyoda ro‘y bergan moliyaviy inqirozdan so‘ng Janubiy Koreyada iqtisodiyotni barqaroralashtirish va moliyaviy tizimni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim islohotlar amalga oshirildi. Ushbu islohotlar ipoteka bozorini rivojlantirishda yordam beradigan chora-tadbirlarni ham qamrab oldi.

Huquqiy asos: 1999-yilda Janubiy Koreya hukumati ipotekaga oid qonunni qabul qildi. Bu mamlakatda MBS emissiyasining huquqiy asoslarini belgilab berdi. Mazkur qonun Janubiy Koreyada MBS bozorining rivojlanishi uchun huquqiy asos yaratdi va 1999-yilning sentyabr oyida Koreya ipoteka korporasiyasi (KoMoCo) tashkil etildi.

Koreya uy-joyni moliyalashtirish korporasiyasi (KHFC) ning tashkil etilishi: 2004-yilda Janubiy Koreya hukumati ipoteka kreditlarini sekyuritizasiya qilish va uy-joy uchun kreditlar bo‘yicha kredit kafolatlarini taqdim etish orqali uy-joyni moliyalashtirishning ishonchli va uzoq muddatli manbalarini shakllantirish maqsadida KHFC davlat muassasasini tashkil etdi. KHFC Janubiy Koreyada MBS bozorining o‘sishida muhim rol o‘ynadi, MBSning asosiy emitenti bo‘lib xizmat qildi va ikkilamchi bozor faoliyatini qo‘llab-quvvatladi.

Tajriba dasturi: 2004-yilda KHFC Janubiy Koreyada 545,6 milliard von (taxminan 430 million AQSh dollari) qiymatida ipoteka bilan ta’minlangan birinchi qimmatli qog‘ozlar chiqarildi. Ushbu emissiya Janubiy Koreyada MBS bozorining rivojlanishini belgilab berdi va ipoteka kreditlarini sekyuritizasiya qilishning maqsadga muvofiqligini ko‘rsatdi. Natijada, 2004-yil yakuniga qadar KHFC tomonida 17 ta moliyaviy tashkilotning ipoteka portfelidan iborat bo‘lgan 7 ta MBS paketlari bozorga chiqarildi.

Tijorat banklarining jalb qilinishi: KHFC MBS dasturining dastlabki muvaffaqiyatidan so‘ng, Kookmin Bank, Shinhan Bank va Woori Bank kabi yirik tijorat banklari MBS bozorida qatnasha boshladi. Ushbu banklar bozorning o‘sishiga hissasini qo‘shgan holda o‘zlarining ipoteka qimmatli qog‘ozlarini chiqara boshladi.

MBS bozorining kengayishi: Janubiy Koreyaning MBS bozori yillar davomida kengayib bordi. KHFC muntazam ravishda MBS chiqarishni davom ettirayapti, tijorat banklari esa bozordagi ishtirokini bosqichma-bosqich oshirmoqda. Bozor ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar (MBS) va ipoteka bilan ta’minlangan obligasiyalar (MBS) ni o‘z ichiga olgan holda rivojlanayapti.

Amalga oshirilgan ishlar natijasida ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlar bozorining hajmi 2004-yildagi 2,3 milliard AQSh dollaridan 2021-yilda 134,1 milliard AQSh dollariga yetdi. Bu ipoteka bilan ta’minlangan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish orqali kapital bozoridan uzoq muddatli, belgilangan stavkali moliyalashtirish mablag‘larini jalb qilgan holda past va o‘rta daromadli uy xo‘jaliklarining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ipoteka kredilari ko‘rinishida qondirishda sekyuritizasiya jarayonining muvaffaqqiyatli ekanligini ko‘rsatdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!