Internet orqali giyohvandlik vositalarini sotganlarga javobgarlik kuchaytirilmoqda

Internet orqali giyohvandlik vositalarini sotganlarga javobgarlik kuchaytirilmoqda

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 500 milliondan ortiq odam giyohvandlik dardiga yo‘liqqan. Uning aksariyat qismini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda.

Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar qonunga xilof ravishda muomalada bo‘lishiga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ammo shunga qaramay, bugungi kunda giyohvandlik vositalarini Internet jahon axborot tarmog‘i orqali amalga oshirish, bunday vositalarni tarqatish va reklama qilishning yangi usullaridan foydalanish keskin ortmoqda. Noqonuniy tashkil etilgan internet-do‘kon manzili haqida ma’lumot devor va yo‘laklarga chizish orqali tarqatilmoqda. Shuningdek, ularni iste’mol qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga yoshlarni, ayniqsa, voyaga yetmaganlarni jalb qilish ham ko‘payib bormoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasi uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikasiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Shuningdek, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!