Ijara haqi 1 million dollarlik villa: Telegram asoschisi Pavel Durov qayerda yashaydi?

Ijara haqi 1 million dollarlik villa: Telegram asoschisi Pavel Durov qayerda yashaydi?

Rossiyalik milliarder, “VKontakte” va Telegram ijtimoiy tarmoqlari asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist Taker Karlsonga intervyu berdi. Suhbatda biznesmen hashamatli saroylari, samolyot yoki yaxtalari yo‘qligini, ko‘chmas mulk sotib olishni istamasligini aytdi. Xo‘sh, unday bo‘lsa tadbirkor qayerda yashaydi?

“Bir necha yillardan beri bankdagi hisobvarag‘imda va bitkoinlarda millionlab dollar pullarim ishlatilmay turibdi. Bu mablag‘ga ko‘chmas mulk va boshqa yirik xaridlar qilishni istamayman. Chunki biror uy sotib olsam, unga bog‘lanib qolaman. Xonadonni chiroyli bezash, uni turli mebellar bilan to‘ldirish kabilar ko‘p vaqtni olib qo‘yadi, shu sababli bunday ishlar men uchun yot. Hayotimda eng muhim narsa erkin bo‘lish, hech narsaga va makonga qaram bo‘lmaslikdir”, — dedi Durov.

Milliarder fikriga ko‘ra, moddiy boyliklar ularga qaramlikni keltirib chiqaradi va shu sababli Pavel Durov ko‘chmas mulk sotib olmaydi.

Forbes nashri xabar qilishicha, 2017 yildan beri Durov Dubayda istiqomat qilib kelmoqda. 2023 yilda u Jumeyra orollaridagi hashamatli villaga ko‘chib o‘tgan. Xonadon ijarasi yiliga 1 million dollarni tashkil etadi.

Ma’lumot uchun: Forbes manbalariga ko‘ra, 2021 yilning fevralida Durov BAA fuqaroligini olgan. Tadbirkor 2017 yildan buyon Dubayda istiqomat qiladi, u yerdagi Dubai Media City erkin iqtisodiy zonasida Telegram’ning bosh ofisi ochilgan.

Jumeyrada orollari turar joy kompleksi 16 ta villadan iborat bo‘lib, 46 ta sun’iy orollar ustida joylashgan. Har bir uyning maydoni o‘rta hisobda 473 dan 669 kvadrat metrgacha boradi. Jumeyra orollarida Pavel Durov tanlagan villa 5 ta xonadan iborat bo‘lib, suv havzasi va 1400 kvadrat metr kenglikda ko‘rkam bog‘ga ega.

Jumeyrda orollari turar joy kompleksi rasmiy saytida yozilishicha, bu yerda kichik uylar mavjud emas, shuning uchun mazkur villalarga badavlat insonlar va ko‘p farzandli oilalar dam olish uchun keladi.

Uylar shovqinli shahar va magistral yo‘llardan uzoqda joylashgan bo‘lib, rivojlangan zamonaviy infrastrukturaga ega. Ko‘chalarda premium restoranlar, sport zallari, go‘zallik salonlari va turli do‘konlar aholiga xizmat ko‘rsatadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!