Ichki ishlar organlariga yana bir vakolat berilmoqda

Ichki ishlar organlariga yana bir vakolat berilmoqda

So‘nggi yillarda haydovchilarni tayyorlash tizimidagi mavjud kamchiliklar, haydovchilarning bilim saviyasi yetarli emasligi yo‘llarda turli qoidabuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lmoqda. Achinarlisi, buning oqibatida o‘lim bilan tugayotgan yo‘l-transport hodisalari soni ortyapti.

Bu esa ushbu ayanchli holatlarni oldini olish maqsadida haydovchilarni tayyorlash tizimini va sub’ektlarining faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida bu haqda ta’kidlandi.

Yig‘ilishda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi.

Qayd etilganidek, amaldagi tartibga ko‘ra, haydovchilik huquqini beruvchi guvohnomani olishga o‘qitish tadbirkorlik sub’ektlariga berilgan bo‘lib, ularga tegishli lisenziyalar Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan berilishi belgilangan.

Ammo yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalariga yuklatilgan bo‘lib, natijada bunday tartib turli nomuvofiqliklarni keltirib chiqarmoqda. Ya’ni lisenziya beruvchi va uni ijrosini nazorat qiluvchi organlar boshqa-boshqa organlar bo‘lmoqda. Bu esa haydovchilar tayyorlash tizimini yaxlit holda nazorat qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatyapti.

Taklif etilayotgan qonun loyihasida yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish hamda yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash maqsadida endilikda haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlari va imtihon markazlariga bu turdagi faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun lisenziyaning Ichki ishlar vazirligi tomonidan berilishi belgilanmoqda.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi haydovchilarni tayyorlovchi ta’lim sub’ektlariga lisenziya berish va ularni faoliyatini nazorat qilish yagona davlat organi — ichki ishlar organlari yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari vakolatiga o‘tkazish orqali ta’lim sifatini oshirilishiga hamda yo‘llarda harakatlanish xafsizligini ta’minlanishiga erishiladi.

Qizg‘in baxs-munozaralardan so‘ng, mazkur qonun loyihasi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!