Ibn Sino besh, Imom Buxoriy to‘qqiz, Bobur Mirzo o‘n ikki yoshida... Yoxud bizning bolalar qachon “katta” bo‘ladi?

Yosh bolalarga, yosh avlodga o‘tmish bobokalonlarimizdek e’tibor qaratishimiz, tarbiyasiga beparvo bo‘lmasligimiz, ularga ishonishimiz, ularga ishonch berishimiz, yo‘l berishimiz, imkon berishimiz kerak.
Shundagina uzoq o‘tmishimiz kabi kelajagimiz ham buyuk bo‘ladi. “Bola boshidan...” deb bekorga aytishmagan, axir.
Imom Shofiy yetimlikda o‘sganlar. Lekin onalari uni 7 yoshida murattab qori qilishga muyassar bo‘lgan. U zot 20 yoshiga yetmasdanoq mujtahid bo‘lib ulgurgan edilar...
Imom Ahmad ham yetimlikda unib-o‘sganlar. Yetim bo‘lsa ham jamiyat va muhit ularni mujtahid qilib tarbiya qilgan... Jamiyat va muhit ana shu ikki yetimni o‘zlari uchun mujtahid qilib, barcha davrlarning eng buyuk faqihi qilib tayyorlagan....
Hadis ilmida “tahammul” tushunchasi bor. Ya’ni hadis eshitish va uni o‘zgalarga eshittirish necha yoshda boshlanadi? Bir so‘z bilan aytganda, shogird va ustoz bo‘lish yoshi nechada, degan masala o‘rtaga tashlangan. Muhaddislik yoshi 5 yoshdan boshlanadi, deb hisoblanadi. E’tibor bering, 5 yoshda!
Imom Buxoriy bobomiz “Sahihi Buxoriy”da “Yosh bolaning hadis eshitishi qachondan boshlab durust bo‘ladi?” degan sarlavha ostida bir bob yozgan bo‘lib, unda sahoba Mahmud ibn ar-Rabe’ raziyallohu anhuning “Men besh yoshligimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam chelakdan suv olib? yuzimga purkaganini aqlimda saqlab eslab qolganman”, degan mazmundagi hadis rivoyat qilingan (77-hadis).
Zayd ibn Sobit raziyalohu anhu degan sahoba esa 10 yoshida islomga kirgan, 12 yoshda Qur’onni to‘liq yod olgan, Payg‘ambarimizning shaxsan tavsiyalari bilan 14 yoshida ibroniy tilini o‘rgangan, 16 yoshida Allohning Rasuliga tarjimonlik qilgan, 17 yoshida vahiy kotibi sifatida faoliyat yuritgan, 19 yoshida meros huquqi bo‘yicha sahobalar orasida bosh mutaxassis sifatida tanilgan, 21 yoshida esa Qur’oni karimni to‘liq ko‘chirib jam qilgan edilar!
Imom Buxoriyning o‘zi hadis ilmidagi ustozlaridan biri Muhammad ibn Salom al-Poykandiy huzurlariga qatnab yurganida esa hali 9 yashar bolakay edi. O‘sha bolakaylik paytidayoq 70 ming hadisni yod bilardi. 9 yasharlik Imom Buxoriyga “masjidda siyib qo‘yadigan bola” deb qaramadilar, balki ustozi Poykandiy ham faxr-iftixor bilan zamonasining boshqa ustozlariga faxrlanib, tavsiya qildilar... Hozirda hech bo‘lmaganda 7 ta hadisni sanadlari bilan yod bilgan o‘zbek imom domlalari topilarmikin?!. Nima uchun, hadis yod olish uchun 9-10 yashar bolalarimiz ustozlar oldiga qatnamasligi kerak?!.
Nimaga, Qur’onni to‘liq yod olgan, minglab hadislarni yodlashga tushgan davrimiz bolakaylaridan faxrlanmasligimiz kerak?! Ularni olamga ko‘z-ko‘z qilmasligimiz kerak?! Nima uchun?! Nimaga, Imom Buxoriydan faxrlanadigan bugungi avlod u zotga emas, Nobelga intilishi kerak?! Ilmga e’tiborgina Buxoriylarni yetishtiradi, zamonaviy Buxoriylardan esa “Nobel” oluvchilar chiqadi...
Hadis ilmi ustozligiga esa qat’iy qilib 15 yosh belgilangan. Bir narsani esdan chiqarmang, miyangizga quyib oling, iltimos Sizdan: Imom Buxoriy bobomiz ilmini kamolga yetkazish uchun o‘z yurtidan chiqib ketayotganida 16 yoshga endi qadam qo‘yayotgan o‘smir bo‘lib, hadis ilmida shogird emas, balki ustoz bo‘lib ulgurgan edilar. U zot bu paytda Buxoroning eng buyuk va eng mashhur ustozi, hanafiy olimi Abu Hafsi kabir huzurlarida tahsil olayotgan edi. Imom Buxoriyning o‘zlari aytishlariga qaraganda, u zot oldida “Musnadi Abdulloh ibn al-Muborak”, “Musnadi Vaqe’”, “Musnadi Sufyon as-Savriy” kabi kitoblarni o‘qib, yod olib chiqqan.
Bu kitoblardan faqat Abdulloh ibn al-Muborakning “Musnad”lari yaqinda o‘zbek tilida nashr qilindi, xolos... Abu Hafsi kabir unga ustoz bo‘lganini aytib, endi hadis ilmida mutaxassis bo‘lishga, ixtisoslikka ko‘shish qilishga vasiyat qilgan va “Sening sha’ning shu ilmda buyuk bo‘ladi!”, degan olimona bashoratini bergan edi. Uning oq fotihasi bilan Imom Buxoriy, endi, ixtisoslik kasb qilish, o‘zga yurtdagi olimlarning ilmini batamom olish uchun chiqib ketgan edi...
Abu Ali ibn Sino 5 yoshga kirganida unga chuqurroq ta’lim berish maqsadida otasi o‘sha davrdagi mamlakat poytaxti Buxoro shahriga atayin ko‘chib borgan edi. Ha, atayin ko‘chib borgan edi! Chunki, katta shaharlarda ta’lim beruvchi ustozlar ko‘p bo‘ladi. Hozirda esa 5 yashar bolani maktabga ham olishmaydi...
Abu Ali ibn Sino bobomiz o‘z tarjimai holida: “Otam mening ilmdan boshqa narsa bilan shug‘ullanishimdan hazar qilar edilar”, deb yozganlar. Ha, ilmdan boshqa ish bilan shug‘ullanishdan hazar qilgan otaning bolasi alloma bo‘ladi-da!!! Abu Ali ibn Sino hali 12 yashar bola ekan, tafsir, hadis va fiqhdan dars bergan o‘z ustozi Ismoil az-Zohid bilan munozara va bahs qilish salohiyatiga yetganligini manbalarda qayd qilib qoldirilgan. Bu paytda u murattab qori bo‘lgan, dinda olim bo‘lgan.... Buyuk alloma 16 yoshida “Hadiyat ar-Rais” degan asarni o‘sha davrning podshohiga bag‘ishlab yozgan edi. Bu asar Qohirada nashr qilingan.
Ana shu 16 yoshida olim bo‘lib butun mamlakatga tanilib ulgurgan alloma bobomiz kasal bo‘lib qolgan podshohni davolash uchun saroyga taklif qilingan. Amir dardini tuzatish borasida ko‘rsatgan xizmatlari tufayli uning dunyodagi eng boy kutubxonasiga kirishga ijozat olgani hammaga ma’lum. Bizdachi, yosh bolalarni qo‘ying, kapkatta – institut va universitet talabasi, ilm odami “Milliy Kutubxona”mizga xuddi Amriqoning Pentagoniga kirayotgandek tekshiruvlardan o‘tmaguncha kiritishmaydi, qo‘yishmaydi. Yana, kun botmasdanoq kutubxonalarimizning eshiklari taqa-taq yopiladi. Shuning uchun, “Milliy Kutubxona”ga borging ham kelmaydi. Vaholanki, boshqa davlatlarda kutubxonalar tunu-kun ishlaydi. Ishonmasangiz, borib ko‘rganlardan so‘rang, juda bo‘lmasa, internetga kirib ko‘ring!...
Mirzo Ulug‘bek bobomiz esa 813 hijriy (1410 melodiy) yili butun Movarounnahrga hukmdor bo‘lganida hali 15 yashar bola edi. Bu vaqtda unga 15 viloyatga bosh bo‘lish imkoniyati berildi. Hech kim unga aqlsiz demadi, yosh bola demadi, masjidga borsa siyib qo‘yadi, demadi, balki masjid qursin, madrasa qursin, bunday qurilishlarga bosh bo‘lsin, deb, “Aql yoshda emas, boshda!” dedilar-da, sharta o‘sha davrdagi Yer yuzining eng qudratli davlati – butun Movarounnahrga hukmdor qilib qo‘ya qoldilar... U ham o‘z ulug‘ligi va buyukligini olamga ko‘rsatib qo‘ydi: Ulug‘bek Akademiyasiga asos solib, Sharqning ikkinchi Uyg‘onish davriga bosh bo‘ldi...
Muhammad Zahiriddin Bobur bobomiz esa 12 yoshida butun boshli davlatga rahbar bo‘lgan. Ha, podshoh bo‘lgan! Hozir shunday bo‘lishini tasavvur qila olasizmi?! Buyuk bobokalonimizning o‘zlari “Boburnoma”ning ilk satrlaridayoq iftixor va shukrona o‘laroq bunga iqror bo‘lganlar:
“Tengri taoloning inoyati bilan va hazrati on Sarvari koinotning shafoati bilan va chahoryori bosafolarning himmati bilan seshanba kuni ramazon oyining beshida tarix sakkiz yuz to‘qson to‘qquzda (1494, iyul) Farg‘ona viloyatida O‘N IKKI YOShta PODSHOH bo‘ldum”.
Afsuski, hozirda o‘n ikki yoshli bolapon va bolakaylarni hech qachon, masalan, Prezident Devoniga rahbarlik berish u yoqda tursin, hatto tomosha qilishga ham kiritilmaydi. Bolalarga yo‘l bo‘lsin, kop-katta insonlarni u yerga shunchaki yo‘latishmaydi. Prezident Devonini qo‘yib turing, davlatning ham, nodavlatning ham idoralarini qop-qora panjaralar bilan o‘rab tashlashgan. Hatto, o‘sha idoralarning oldida mashina ham qo‘ya olmaysiz, u yerlarga bormoqchi bo‘lsangiz, mashinalaringizni ham biror kilometr uzoqroq joyda qo‘yib kelishingizga to‘g‘ri keladi; o‘sha idoralarning bosh darvozasidan-ku sizni kiritishmaydi, o‘g‘ri yo gunohkorga o‘xshab munshayib, orqa eshikdan kirishingizga to‘g‘ri keladi....
Bolalarimizni Vazirlar Mahkamasiga, Bosh prokuraturaga, Fanlar akademiyasiga yoki Yozuvchilar Uyushmasiga tamoshaga olib kirib, ularga faoliyatlarni, bu idoralarning hayotimizda naqadar ahamiyatli ekanini tushuntirib, qiziqtirib bo‘lmaydimi?!. Nimaga bolalarimiz uchun ochiq eshiklar kuni o‘tkazilmaydi?! Bog‘cha va maktablarning yosh bolalari birorta universitetga, birorta nashriyotga, birorta tipografiyaga tamoshaga olib borishganini eshitmaganman... Ramazon oyida bolalarimizni yoppasiga masjidlarimizga olib borishni aytmay qo‘ya qolay...
Bu haqda o‘qing:
“Eh, bu o‘zbeklar qanaqa xalq...”
Mashhur “Tafsiri Jalolayn”ning muallifi Jaloliddin as-Suyutiy 600 ta asar yozgan islomning buyuk allomalaridan biridir. U zot otadan yetim qolgan bo‘lsalar-da, hali 8 yoshiga to‘lmasdanoq Qur’oni karimni to‘liq yod olganlar. O‘sha bolaligida yod olgan kitoblariga bir qarang: Ibn Daqiq al-Iydning “Umdat al-ahkom” asari va uning sharhini, Imom an-Navaviyning shofe’iylik fiqhida yozilgan matn “al-Minhoj” asarini, Imom al-Bayzoviyning usul al-fiqhga oid “Minhoj al-usul” asari, Ibn Molikning nahvga oid “Alfiya” asari, yana “Tafsiri Bayzoviy”. Qarang, eski Buxoro madrasalarida “Tafsiri Bayzoviy” yod oldirilmagan, balki birorta tafsir kitobi yodlatilgan emas. “Tafsiri Bayzoviy” ham madrasalarning eng oxirgi bosqichlarida o‘qitilgan. Hozirda esa O‘zbekistonning hech bir ilm dargohida “Tafsiri Bayzoviy” ham, “Alfiya” ham rasman o‘qitilmaydi...
Jaloliddin as-Suyutiy boshqalarga va talabalarga dars berishga ijozat olganida hali o‘zi 15 yashar “bola” bo‘lgan! Bizda esa 15 yashar bolaning boshqalarga dars berishi u yoqda tursin, diniy ta’lim olishiga ruxsat berilmaydi...
Abdulhay Laknaviy bor yo‘g‘i 39 yosh umr ko‘rgan islomning ulug‘ allomalaridan biridir. Shu yoshida 100 dan ortiq eng muhim asarlarni yozib qoldirgan. U ilk asarini yozgan paytda, o‘zi hind bo‘la turib, (arab emas), arab tili grammatikasiga oid kitob yozganida, hali 11 yashar bola bo‘lgan. Bizda esa arab tili grammatikasi bo‘yicha kitob yozish u yoqda tursin, 11 yashar bolaning arab tilini o‘rganishiga imkoni yo‘q...
Abdulhay Laknaviy odamlarga fatvo berib, muftiy bo‘lib tanilganida endi 17 yashar o‘smir bo‘lgan. Bizda-chi, 17 yashar bola muftiylik qilish u yoqda tursin, biror muftiyning oldiga tez-tez borib fatvo olib turishiga ruxsat yo‘q!...
“Bola boshidan...”, deb bekorga aytishmagan. Bolalarga bee’tibor bo‘lmasligimiz kerak. Jamiyat unga beparvo bo‘lmasligi kerak. Bog‘chalarga qilinayotgan e’tibor, balki shu sabablidir. Ta’lim sohalaridagi o‘zgarishlar, maktablarga ko‘rsatilayotgan nazar shuning uchundir. Bolalarga e’tiborni bundan-da kuchaytirish kerak. Bolalarning ta’lim olishiga yo‘l qo‘yib bering, iltimos. InshaAlloh, e’tiborlar besamar ketmagay, uning samarasi, albatta, xayrli va barakali bo‘lgay!
Hamidulloh Beruniy,
islomshunos olim
Manba: azon.uz