Hozir Gruziyada ikkita prezident bormi?
Salome Zurabishvilining o‘rniga prezident etib tayinlangan Mixail Kavelashvilining inaugurasiyasi Gruziyada bo‘lib o‘tdi. Marosim parlamentda cheklangan miqdordagi odamlar, asosan hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Kavelashvili saylovchilar kollegiyasining ovoz berishi natijasida yagona nomzod sifatida prezidentlik lavozimini egalladi.
Salome Zurabishvili bir kun avval fuqarolarni prezident saroyiga yig‘ilishga chaqirib, Kavelashvilini qonuniy deb tan olmasligini aytdi. "Men o‘z qonuniyligim, bayrog‘im va ishonchimni o‘zim bilan saqlayman", dedi u. Muxolifat ham yangi prezidentni tan olishdan bosh tortdi.
Rustaveli prospektidagi bino yonida to‘plangan namoyishchilar qizil kartochkalar olib, Kavelashvilining futbolchi sifatidagi faoliyatiga ishora qildi, deb yozadi Paper Kartuli.
Ichki ishlar vazirligi Tbilisining markaziy ko‘chalarini to‘sib qo‘ydi, tadbir yakunlangach, namoyishchilarni hibsga olish boshlandi. Namoyishchilar transport harakatini to‘sib qo‘yganlikda ayblangan. Guvohlar kamida to‘rtta hibsga olingani haqida xabar berishdi.
Sobiq futbolchi Kavelashvili avvalroq “Gruziya orzusi” deputati bo‘lgan, biroq 2022-yilda G‘arbga qarshi ritorikasi bilan mashhur “Xalq kuchi” harakatiga asos solgan. 2024 yilda keng ko‘lamli noroziliklarga qaramay, "xorijiy agentlar" to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi - qonun loyihasi muallifligi rasman ushbu siyosiy kuchga tegishli.
Gruziyadagi namoyishlar noyabr oyidan beri davom etmoqda, Yevropa integrasiyasi to‘xtatilganidan keyin kuchaygan. Transparency International Georgia tashkilotiga ko‘ra, namoyishlar chog‘ida jami 400 ga yaqin odam hibsga olingan, ulardan 30 nafariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
AQSh Kongressi Gruziya hukumatini tan olmaslik to‘g‘risidagi qonunni e’lon qildi va Davlat departamenti rossiyalik-gruziyalik milliarder, “Gruziya orzusi” asoschisi va amalda yetakchisi Bidzina Ivanishviliga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Senator Jo Uilson (respublikachi) yangi parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazilgunga qadar Zurabishvilini yagona qonuniy yetakchi deb hisoblashga chaqirdi.