O‘zbekistonda 2024-yilda gaz 129 foiz, elektr 67 foiz, issiq suv 32 foiz qimmatlashdi
O‘tgan yilda gaz va tok narxi keskin o‘sgani inflyasiyani 3,6 foizga oshirib yuborgan.
Dekabrda issiq suv narxi 1,4 foiz, isitish tizimi 1,7 foiz, elektr, gaz va yonilg‘ining boshqa turlari 0,1 foiz ko‘tarildi.
O‘zbekistonda yillik hisobda energetika tariflari rekord darajada oshirib yuborildi.
Jumladan, narxlar 2024-yil dekabr oyida 2023-yil dekabrdagidan quyidagi darajalarda qimmatlashtirildi:
gaz — 129 foiz;
elektr energiyasi — 67 foiz;
issiq suv ta’minoti — 32,1 foiz;
isitish tizimi — 36 foiz.
2024-yilda gaz va tok narxi qimmatlashishi yillik inflyasiyani 3,6 foizga oshirib yuborgan.
2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi narxi 24 foiz, gaz 36 foiz, propan 25 foiz, metan 39 foizga oshirilishi belgilangan. Jumladan, elektr va gaz narxlari o‘sishining o‘zi inflyasiya darajasini 1,8 foizgacha ko‘tarib yuborishi kutilmoqda.
2019-yildagi prezident farmonida Markaziy bankka inflyasiyani 2021-yilda 10 foizga pasaytirish, 2023-yilda esa 5 foiz darajadagi doimiy inflyasion maqsadni (target) o‘rnatish topshirilgan. Biroq fiskal va boshqa qator omillar sabab bu maqsadga erishish kechikmoqda.