Prezidentning Maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisiga qo‘shimcha vakolatlar berildi
Prezidentning Maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisiga qo‘shimcha vakolatlar berildi — Prezident qarori
Qarorga (31.12.2024 yildagi PQ-467-son) ko‘ra:
Tahliliy va tadqiqot tuzilmalar faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etiladi.
Kengash siyosiy va iqtisodiy hamda mamlakatning ichki va tashqi siyosatiga oid takliflarni muntazam ravishda Prezidentga kiritib boradi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash ichki va tashqi siyosat jarayonlari bo‘yicha strategik tadqiqotlarni tashkil qilish hamda ularni o‘tkazishning barcha jarayonlarini muvofiqlashtirish masalalariga mas’ul bo‘lgan maslahat organi hisoblanadi.
Kengash faoliyatini umumiy muvofiqlashtirish hamda idoralararo hamkorlikni ta’minlash Prezidentning Maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmasida quyidagi yo‘nalishlarga mas’ul bo‘lgan ishchi guruhlar tashkil qilinadi:
▪️xavfsizlik va ijtimoiy barqarorlik;
▪️davlat va jamiyat qurilishi;
▪️ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish;
▪️tashqi siyosat va xalqaro hamkorlik;
▪️hududlarni strategik rejalashtirish va rivojlantirish;
▪️ekologik kun tartibi, shu jumladan iqlim o‘zgarishi, suv taqchilligi masalalari.