Hindiston dunyodagi eng katta data-markazni qurishni boshladi

Hindiston jahonda data-markazlar bo‘yicha yetakchi bo‘lishga hozirlanmoqda, deyiladi Bloomberg xabarida.
Milliarder Mukesh Ambani boshchiligidagi Reliance guruhi Gujarat shtatining Jamnagar shahrida dunyodagi eng yirik data-markazni qurishni boshladi. Uning quvvati 3 gigavatt, ya’ni jahonda ishlab turgan eng katta data-markazlar ko‘rsatkichidan uch karra yuqori.
Ushbu data-markaz sun’iy intellektda ishlovchi infratuzilmaning asosini tashkil qiladi. Loyiha eng yangi texnologiyalarga asoslangan, jumladan, Nvidianing eng kuchli yarimo‘tkazgichlaridan foydalaniladi, natijada ma’lumotlarni ishlash qiymati sezilarli darajada qisqaradi. Generativ sun’iy intellekt bilan bog‘liq vazifalar, xususan, chat-botlar, mahsuldorlikni oshiruvchi vositalarda bu juda muhim.
Reliance markazni tiklanuvchi energiya yordamida ishlatmoqchi. Jamnagar yaqinida quyosh panellari, «yashil» vodorod va shamol parraklari tizimlarini ishlab chiqaruvchi ulkan majmua qurilmoqda. Shunga qaramasdan, muntazam energiya ta’minoti uchun qazilma yoqilg‘i va akkumulyator tizimlariga ham ehtiyoj tug‘ilishi mumkin.
Mukesh Ambani. Foto: Oktagon.Media
Mukesh Ambani maqsadi dunyodagi eng arzon sun’iy intellekt xizmatlarini yaratish va hindistonlik foydalanuvchilarga ko‘proq imkoniyatlar muhayyo etish ekanligini ta’kidladi. Shu tariqa jahonning eng ko‘p aholi yashovchi mamlakatida sun’iy intellekt taraqqiyoti uchun yangi ufqlar ochilishi aytilmoqda.
Eng katta data-markaz ishga tushgach, Hindiston nafaqat jahon sun’iy intellekt bozori yetakchilaridan biriga aylanadi, shuningdek, innovasion texnologiyalar va barqaror energetika sohasiga yangi standartlarni olib kiradi.