Havo qachon anomal darajada sovib ketishi mumkin?
“O‘zgidromet” axborotiga ko‘ra, 9—14 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga shimoldan bosqichma-bosqich sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda.
9 dekabr kuni respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlarida, 10 dekabrda shimoliy va cho‘l hududlarida, 11 dekabrda respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarning ba’zi joylarida kuchli bo‘ladi.
Havo harorati asta-sekin pasayib boradi va 12—14 dekabr kunlari kechasi 10-13 daraja, kunduzi 5-8 daraja sovuqqacha, shimolda kechasi 17-20 daraja, kunduzi 9-12 daraja sovuqqacha pasayadi.
Harorat sovib ketishi holati anomal darajaga qachon o‘tishi haqida iqlimshunos Erkin Abdulahatov tushuntirish berdi.
Iqlimshunosning aytishicha, anomal sovuqqa ta’rif Vazirlar Mahkamasining 501-sonli qarorida qayd etilgan.
Anomal sovuq ob-havo — oktyabr oyidan aprel oyigacha bo‘lgan davrda besh va undan ko‘p kun davomida iqlimiy me’yordan 7 gradus va undan past bo‘lgan o‘rtacha sutkalik havo harorati ko‘rsatkichlari.
Hozirgi kutilajak sovuqlik to‘lqini hududlarda ketma-ket besh kun iqlimiy me’yordan 7 darajadan past haroratlarni bermasligi maksimumga yaqinlashgan va bu to‘lqinga anomal sovuq ob-havo ta’rifini berish noo‘rin, — deydi Erkin Abdulahatov.