Harkivga «Qahramon shahar» faxriy unvoni berildi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Harkiv shahriga «Ukraina qahramon shahri» faxriy unvonini berdi.
«Men «Ukraina qahramon shahri» faxriy mukofotini Harkiv meri Igor Terexovga topshirdim... Bu (shahar) davlatimizning boshqa shaharlari bilan yonma-yon mustaqilligimizni himoya qilmoqda», dedi Ukraina prezidenti.
Shuningdek, Zelenskiy Harkivni rus bosqinchilaridan himoya qilishda qahramonlik ko‘rsatgan jangchilarga Bogdan Xmelniskiy, Daniil Galiskiy va «Jasorat uchun» medallarini topshirdi.
Zelenskiy istehkomlarni mustahkamlash, infratuzilmani tiklash, aholiga yordam ko‘rsatish va Harkiv viloyatining barcha aholi punktlarini elektr energiyasi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazganini ta’kidladi.