Har qo‘yni o‘z oyog‘idan osadilar...

Har qo‘yni o‘z oyog‘idan osadilar...

Abbosiy xalifa Horun ar-Rashidning Bahlul dono degan fazilatli zotga hurmati baland edi. Chunki bu darvesh hech tortinmasdan xalifaga maslahat berardi. Xalifa ham har doim uning so‘zlariga quloq osar, nasihatlariga amal qilar edi.
   Bir kuni nimadir bo‘lib xalifa qandaydir masala yuzasidan yanglish qaror chiqardi. Bahlul dono hazratlari unga bu qarorini o‘zgartirish kerakligini aytdi. Ammo bu gap xalifaga malol kelib:  
   - Siz aytishingiz kerak bo‘lgan gapni aytdingiz, gunoh sizdan soqit bo‘ldi. Mening qilgan ishimdan sizga zarar yetmaydi, Axir har qo‘yni o‘z oyog‘idan osadi-ku, - dedi. 
   “Har qo‘yni o‘z oyog‘idan osadilar”, degani xalq maqoli. Ma’nosi, har kim qilgan gunohi uchun jazosini o‘zi tortadi, birovning gunohi boshqa odamga yuklanmaydi, deganidir. Bir qarashda bu gap to‘g‘ri. Biroq boshqa jihatdan, mo‘minlar bir-birlarining oynasidir, ya’ni ularning biri ikkinchisiga to‘g‘ri maslahat berishi Alloh taoloning amridir. 
   Shuning uchun Bahlul dono hazratlari xalifaga esda qoladigan dars bermoq istadi. Bir qo‘yni so‘yib saroy bog‘idagi ko‘zdan pana joyga oyog‘idan osib qo‘ydi. 
   Bir-ikki kun o‘tib bog‘da badbo‘y hid taraldi. Bu hidning qayerdan chiqayotganini izlagan xizmatchilar qo‘yning loshini topdilar.
   Xalifa qo‘yni kim osib qo‘yganini darrov fahmladi.
   - Bahlulni topib kelinglar, - deb amr qildi.
   Bahlul dono hazratlari kelganidan so‘ng xalifaga bunday dedi:
   - Ko‘rib turganingizdek, har qo‘yni o‘z oyog‘idan osadi, ammo uning hidi boshqalarni rohatsiz qiladi. Shunga o‘xshab jamiyatda ba’zi kishilarning qilgan qilmishlari boshqalarining tinchini buzadi. Xato fasod chiqaradi. Shu sababdan hammamiz bir-birimizga to‘g‘ri gapni so‘zlashga mas’ulmiz. Siz ham o‘zingizga qarata aytilgan haq so‘zni qabul eting.
   Xalifa uni mukofotlab, yanglish qaroridan voz kechdi...

Manba: mehrob.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!