«Har bir jon o‘limni totguvchidir»

«Har bir jon o‘limni totguvchidir»

O‘lim har bir jon boshida bor haqiqat. Bundan hech kim qochib qutulolmaydi. O‘limni eslab yurish kishiga uning o‘zligini anglashga yordam beradi, uni turli tug‘yonlardan, insoniyligiga yarashmagan har xil tajovuzli qilmishlardan saqlaydi. O‘limni ko‘p eslagan odam o‘z gunohlariga istig‘for aytish bilan, yig‘lash bilan mashg‘ul bo‘lib, birodarlarining aybini izlashga unda vaqt ham, toqat ham qolmaydi. Xullas, o‘lim yodi juda ko‘p yaxshiliklarni qilishga, juda ko‘p yomonliklardan saqlanishga garovdir. Balki, barcha yaxshiliklar boshi o‘limni eslashda, barcha yomonliklar debochasi o‘limni yoddan chiqarishda, desak mubolag‘a bo‘lmasa kerak.

Shu sababli payg‘ambarimiz alayhissalomdan "Lazzatlarni kesuvchi o‘limni tez-tez eslab turinglar" degan Hadisi sharif naql etilgan. Payg‘ambar alayhissalomga ergashgan sahoba va tobe’inlar esa doim bu haqiqatni o‘zlarining hayot tamoyili qilib o‘tdilar.

Quyida ulardan kelgan ba’zi naqllarni keltirib o‘tsam. Bu naqllarning ayrimlari o‘lim haqida bo‘lsa, yana birlari o‘sha ulug‘ zotlarning o‘lim asnosidagi holatlarini hikoya qiladi.

Usmon ibn Affon roziyallohu anhu shunday deydilar: "Men orangizda Umar (roziyallohu anhu)ning oxirgi lahzalarini ko‘rgan odamman: (u mehrobda pichoqlanganlaridan so‘ng) kirganimda boshlari o‘g‘llari Abdulloh ibn Umar quchog‘ida edi.

– Boshimni yerga qo‘y, – dedilar.

– Yer bilan sonim bir emasmi (nima farqi bor)? – dedi o‘g‘li.

– Boshimni yerga qo‘y, deyapman, bola! – deb ovozlarini ko‘tardilar bir-ikki bor.

(Boshlari yerga qo‘yilganidan) keyin oyoqlarini cho‘zib:

– Agar Alloh gunohimdan o‘tmaydigan bo‘lsa, holimga voy, onamning holiga voy!, deya jon berdilar" (Abu Dovud, "Zuhd" kitobi, 64- sahifa).

Oisha roziyallohu anho bunday hikoya qiladilar:

"Otam o‘lim to‘shagida nafaslari kalta-kalta bo‘la boshlaganda dedim:

– Otajon, – bu endi shoir aytganidek... (ya’ni, johiliyat shoirining mashhur bir "qasamki, nafas kalta bo‘lib, yurak siqib kelgan kunda (o‘lim talvasasida) na pul, na boylik foyda beradi" degan baytiga ishora qilmoqchi bo‘lganlar), dedim.

– Yo‘q, balki bu Alloh taolo aytgan lahzadir: "Mana, o‘lim mastligi (talvasasi) ham haq-rost yetib keldi. Sening qochib yurgan narsang ham shu edi" (“Qof” surasi, 19 - oyat), dedilar otam" (Abu Dovud, "Zuhd" kitobi, 61-sahifa).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu shunday deydilar: "Va’zu nasihatga o‘limning o‘zi kifoya qiladi...".

Abu Dardo roziyallohu anhu esa bunday deydilar: "Kim o‘limni ko‘p eslasa, behuda xursandchiligi kamayadi, hasadi ozayadi".

Ibn Muborak, "Zuhd" kitobi, 2/37.

Tobe’inlardan Said ibn Jubayr aytadilar: "Agar o‘limni eslash qalbimni tark etadigan bo‘lsa, qalbim buzilib qoladimi, deb qo‘rqaman".

Imom Ahmad, "Zuhd" kitobi, 371-sahifa.

Xalifa Umar ibn Abdulaziz Anbasa ibn Saidga shunday nasihat qiladilar: "Ey Anbasa! O‘limni esla. Chunki, agar ishing yurmay, hayotingda tanglik bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘limni yodlash orqali diling yorishadi, orom olasan. Hayot lazzatiga masrur bo‘lib, kenglikda turgan bo‘lsang, o‘limni eslash orqali bu holingga tang bo‘lasan".

Ibn Sa’d, "Tabaqot" kitobi, 5/372.

Tobe’inlardan Sobit al-Bunoniy aytadilar: "Janoza ortidan yurar ekanmiz, faqat yuzini to‘sib yig‘lab ketayotgan yo yuzini to‘sib bir nuqtaga tikilgancha o‘yga tolgan odamnigina ko‘rar edik (ya’ni, odamlar shu ikki holatdan boshqacha bo‘lmas edilar)".

Abu Nuaym, "Hilyatul avliyo" kitobi, 2/322.

Xalifa Sulaymon ibn Abdulmalik tobe’inlardan biri Abu Hozimdan so‘radilar:

– Nega biz o‘limni yomon ko‘ramiz?

– Chunki sizlar dunyoni obodonlashtirib, oxiratingizni xarobazorga aylantirdingiz. Kim ham obod yerdan xaroba yerga o‘tgisi kelardi?

Abu Bakr Dinavariy, "Mujolasa" kitobi, 2/138.

Alloh taolo biz noshud bandalarini ham o‘limni tez-tez eslab turuvchi, gunohlariga yig‘lovchi bandalaridan qilsin, qiyomatda yuzimizni yorug‘ etsin.

Sayfulloh NOSIR,

Azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!