Rasul Kusherbayev: "Har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qat’iy tekshirish lozim"

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdda ayblanayotgan shaxslar bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
Bosh prokuratura Rossiya fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov Komil Allamjonovga suiqasd ishi doirasida qonunga xilof ravishda O‘zbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda o‘qotar qurolning qonunga xilof muomalasi kabi jinoiy harakatlarni sodir etganliklari aniqlanib, ular qidiruvga berilganini ma’lum qildi.
"Kim o‘zi bu ikki shaxs? Qayerdan paydo bo‘ldi bu terrorchilar? Xavfli jinoyatchilar qaysi yo‘l bilan O‘zbekiston hududiga kirishdi? Bu masala aniq oydin aytilishi lozim" - dedi Kusherbayev.
Oldinroq Checheniston prezidenti Ramzan Qodirov suiqasdda «chechen qo‘li» borligini inkor qilib, o‘z chiqishida Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilgan, ularga «qilmishlari» uchun javob berishi haqida ochiqchasiga bayonot bergandi.
"O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim.
Shunday tahdidlar bo‘layotgan vaqtda O‘zbekiston hukumati nega jim turishi kerak? Qachongacha o‘zini shovinistik qarashlari bilan bizga ochiqcha tahdid qiladiganlarni indamay kuzatib o‘tiramiz? Rasmiy shaxs tomonidan bo‘layotgan ochiq tahdidga munosib javob berish vaqti kelmadimi?
Javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali bo‘lishi shart va zarur! Kerak bo‘lsa, yetakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qat’iy tekshirish lozim" - deya qo‘shimcha qildi sobiq deputat.