Gruziya Rossiyaga qarshi urush ochishni istamagani uchun AQSh tomonidan "jazolanmoqda"
Gruziyadagi ichki siyosiy muammolar G‘arb ko‘rsatmasi bo‘yicha Rossiyaga qarshi ikkinchi front ochishdan bosh tortganidan so‘ng boshlangan. Bu haqda Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze ma’lum qildi.
“Davlatimiz duch kelayotgan qiyinchiliklarning asosiy sababi 2022 yilning fevralida urushga kirmaganimiz va “ikkinchi front”ni ochmaganimizdir”, — dedi u.
Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, AQSh vakillari va ularning Gruziya muxolifatidagi agentlari Gruziyadan harbiy harakatlar boshlashni talab qilishgan.
Gruziyada 26 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlaridan keyin ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. Hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi 53,93 foiz ovoz olib, g‘alaba qozondi. To‘rt muxolifat partiya ham parlamentga kirdi, biroq ular saylov natijalarini tan olmasligini bildirdi va tarafdorlarini namoyishlarga chiqishga chaqirdi. Ovro‘poparast muxolifatga yordam berayotgan mamlakatning sobiq prezidenti Salome Zurabishvili (garchi Konstitusiyaga ko‘ra, prezident partiyasiz bo‘lishi kerak) ham namoyishlarga chaqirdi.
Muxolifatning navbatdagi mitinglari 28 noyabr kuni, bosh vazir Irakliy Kobaxidze Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga a’zoligi bo‘yicha muzokaralar boshlanishini 2028 yilgacha to‘xtatish qarorini e’lon qilganidan keyin boshlandi. Namoyishchilar parlament binosiga tosh, shisha, petarda otgan, 1 dekabrga o‘tar kechasi esa u yerda yong‘in boshlagan. Polisiya ularni suv purkagichlari va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz yordamida tarqatib yuborgan, biroq kechqurun ular parlamentga qaytishgan. Yarim tundan keyin xavfsizlik kuchlari muxolifat tarafdorlarini parlamentdan, ertalab esa shahar markazining tun bo‘yi bosib olgan qismidan uzoqlashtirdi. Ayrimlari hibsga olingan.
14 dekabr kuni Gruziya parlamenti mamlakatning yangi prezidentini sayladi. Bu hukmron “Gruziya orzusi” partiyasidan nomzod Mixail Kavelashvili bo‘lib, u 300 ovozdan 224 ta ovoz oldi. Yakshanba kuni u rasman o‘z lavozimiga kirishdi. Bir kun oldin muxolifat navbatdagi mitingni uyushtirdi. Shaharga maxsus kuchlar guruhlari va patrul polisiyasi xodimlari safarbar etilgan.
Ilgari parlament saylovlari natijalarini tan olmagan Zurabishvili prezidentlik lavozimini tark etmasligini aytdi, chunki "noqonuniy parlament bilan" davlat rahbarining qonuniy saylovlari bo‘lishi mumkin emas.