G‘iybatdan man qilishga tegishli hukmlar, hadislar va xabarlar

G‘iybatdan man qilishga tegishli hukmlar, hadislar va xabarlar

G‘iybat – haromligi qat’iy oyatu hadislar hamda ijmo bilan sobit bo‘lgan amaldir. G‘iybatning haromligini inkor qilgan, ya’ni uni halol sanagan kishi kofir bo‘ladi va siroti mustaqimdan (to‘g‘ri yo‘ldan) chiqib ketadi.

Sa’diy rahimahulloh «Bo‘ston»da aytadilar:

Rafiqe ki, g‘oib shud, ey neknom,
Du chiz ast az o‘ bar rafiqon harom. 

Yake on ki molash ba botil xo‘rand,
Duvum on ki nomash ba g‘iybat barand.
 

Nazmiy ma’nosi:

Agar g‘oyib bo‘lsa, do‘st, ey yaxshi nom,
Undan ikki narsa do‘stlarga harom:

Biri – botil yo‘ldan molini yemoq,
Biri – g‘iybat bilan nomini demoq.

Nasriy bayoniy: Ey yaxshi nomli kishi! G‘oyibdagi do‘stning ikki narsasi do‘stlariga harom bo‘ladi: biri – uning molini botil va nojoiz yo‘l bilan yeyishlari, ikkinchisi – uning nomini g‘iybat bilan eslashlari.

Safuriyning naql qilishlaricha, «Ravza» kitobining sohibi g‘iybatni sag‘ira (kichik) gunohlardan sanagan. Ammo ba’zilar uni aslida sag‘ira gunoh bo‘lsa ham, ulamo va hofizlar (qorilar) uchun kabira (katta) gunohlardan deyishgan. Lekin Ali ibn Ahmad Aziziy rahimahulloh «Jome’i sag‘ir»ning sharhida: «Imom Qurtubiy g‘iybatning gunohi kabira ekaniga ijmo bo‘lganini aytgan», deb yozadilar. Sulaymon Jamal rahimahulloh ham «Tafsiri Jalolayn»ga yozgan hoshiyasida: «Uning gunohi kabira ekanligida hech qanday ixtilof yo‘q va mana shu haqdir», deydi. Shuning uchun oldingi va keyingi ulamolarning barchasi undan parhez qilar edilar.

Bizning zamonamiz odamlari esa kechasiyu kunduzi g‘iybat qilish, faqiru boyni yomonlash va har kimning aybini ko‘rsatish bilan ovora. Ko‘plari zohirda (tashqi ko‘rinishda) ulamo va saodat ahlining suratida, botinda esa johillar va badbaxtlarning siyratida bo‘ladilar. Tillaridan hamisha yaramas gaplar chiqadi, qo‘llari ham doimiy yomon ishlar bilan band. Odamlar yonida shaytonni o‘zlariga dushman deydilar, lekin yolg‘iz qolsalar, yashirincha unga itoat qiladilar. O‘z ayblariga qarash o‘rniga boshqalarning aybiga sinchkovlik bilan qaraydilar. Odamlar oldida Allohning xos, yaxshi bandalarini xorlaydilar. Qilayotgan bu ishlari Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘lishi mumkinligiga zarracha ham parvo qilmaydilar. Ular hamisha kimdandir gumonda, kimgadir achchiq gap gapirgan, kimningdir suratiga ta’na qilgan, kimningdir siyratini, yana kimningdir nasabini yomonlash kabi katta va kichik gunohlarga mubtalodirlar.

«G‘iybat o‘zi nima?»

Muhammad Abdulhay Lakhnaviy

Manba: azon.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!