Festivalda qariyb 7 milliard so‘mlik hunarmandchilik mahsulotlari sotildi

Festivalda qariyb 7 milliard so‘mlik hunarmandchilik mahsulotlari sotildi

Qo‘qon shahrida tashkil etilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali matbuot markazida ikkinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali va unga uyg‘un holda Rishton tumanida Xalqaro kulolchilik forumi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Respublika “Hunarmand” uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov festival doirasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi. Festivalda jahonning 70 ta davlatidan 260 nafardan ziyod mohir hunarmand va ustalar, taniqli ilm, madaniyat va san’at namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari, mamlakatimizning 14 ta hududidan 700 nafar hunarmand ishtirok etmoqda. 200 nafarga yaqin xorijiy, respublika va mahalliy OAV vakillari yoritib bormoqda.

Ikkinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida yangi tashkil etilgan Xalqaro hunarmandchilik muzeyining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi. Ushbu muzey jahon xalq amaliy san’atini asrab-avaylash va rivojlantirish, bu bebaho boylikni kelgusi avlodlarga yetkazish, bu yo‘ldagi sa’y-harakat va imkoniyatlarimizni birlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Muzeyda 2019 yilda o‘tkazilgan Birinchi Xalqaro hunarmandchilik festivalida qatnashgan xorijiy hunarmandlarning mahsulotlari, jumladan, Malayziya, Eron, Yangi Zelandiya, Avstraliya, Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 150 dan ortiq eksponati o‘rin olgan. Qo‘qon shahar musiqali drama teatrida “An’anaviy badiiy hunarmandchilikni saqlash va rivojlantirish sohasida jahon amaliyoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham bo‘lib o‘tdi.

Festival doirasida xalqaro mahalliy hunarmandlarning ko‘rgazma-savdosi o‘tkazilmoqda. Ikki kun davomida har kuni 100 ming nafardan ortiq fuqarolar festivalga tashrif buyurdilar. Ikki kun davomida jami 6 milliard 592 million so‘mlik hunarmandchilik mahsulotlari savdosi amalga oshirildi. Bugun ham savdo davom etmoqda. Qo‘qonda bo‘lib o‘tayotgan II xalqaro hunarmandchilik festivaliga uyg‘un holda Rishton tumanida tashkil etilgan Xalqaro kulolchilik forumi ham o‘tkazilmoqda. Umuman olganda, har bir kun rang-barang dasturlar asosida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda.

Festival bugun o‘z nihoyasiga yetib, ko‘rik-tanlov g‘oliblari aniqlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!