Farg‘ona tug‘ruqxonadan uchinchi egizak yo‘qolgani rostmi? Voqea yuzasidan rasmiy bayonot berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda “3-egizak qayerda? Farg‘onada tug‘uruqxonada yo‘qolgan chaqaloq voqeasi” sarlavhali xabarlar tarqalgan edi.
Forg‘ona viloyati prokuraturasi xabar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 09.07.2020 yilda fuqaro M.M. Farg‘ona shahar prokuraturasiga murojaat qilib, unda qizi F.G‘.ning homiladorligi davridagi tekshiruvlar 3 ta egiz homilasi borligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyat perinatal markazida o‘tkazilgan 04.07.2020 yilgi kesarcha kesish amaliyotida faqat 2 nafar qiz chaqaloq olinganligini bildirib, holatga oydinlik kiritilishini so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida homiladorlikning 26-haftasiga qadar o‘tkazilgan jami 16 ta ultratovush tekshiruv natijalari F.G‘.da ikki egiz homila borligini ko‘rsatganligi aniqlangan.
Homiladorlikning 26-haftasidan so‘ng o‘tkazilgan 4 ta ultratovush tekshiruvlari davomida F.G‘.ning semizlik darajasi yuqori bo‘lganligi, patologik soya (artefakt) go‘yoki 3-homila bo‘lib ko‘ringanligi tufayli unda uch egiz homila borligi haqida xulosalar qilinishiga olib kelgan hamda ushbu xulosalar asosiy tashxis bo‘lmasligi ma’lum bo‘lgan.
Tekshiruv davomida olingan kesarcha kesish amaliyotida bevosita ishtirok etgan, ultratovush tekshiruvlarini amalga oshirgan tibbiyot xodimlarining tushuntirish xatlari, tibbiyot xodimlariga nisbatan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi, tibbiy va boshqa hujjatlar asosida F.G‘.ning 3-egiz farzandni dunyoga keltirganligi haqidagi vaj o‘z tasdig‘ini topmagan.
Mazkur holat yuzasidan Farg‘ona shahar prokuraturasi tomonidan 18.07.2020 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilinib, bu haqda murojaat muallifiga ma’lum qilingan.