Evropa Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Litvaning Kaliningradga yuk tranzitini taqiqlagani sababli Rossiya TIVga chaqirildi

Evropa Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Litvaning Kaliningradga yuk tranzitini taqiqlagani sababli Rossiya TIVga chaqirildi

Evropa Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Markus Ederer Litva yukning bir qismini o‘z hududi orqali Kaliningrad viloyatiga olib o‘tishni taqiqlagani munosabati bilan Rossiya TIVga chaqirildi. Bu haqda viloyat gubernatori Anton Alixonov televideniyega bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Menga ma’lum bo‘lishicha, ertaga [seshanba kuni] Yevropa Ittifoqining Rossiyadagi elchisi Markus Ederer TIVga Smolenkaga chaqirilgan va unga tegishli shartlar qo‘yiladi", — dedi Alixonov.

18 iyundan boshlab Vilnyus Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan qo‘ygan sanksiyalariga muvofiq, Litva hududi orqali Kaliningrad viloyatiga va undan olib o‘tiladigan yuk tranzitini taqiqladi.

Taqiq materik Rossiya va Kaliningrad o‘rtasida tashiladigan barcha temir yo‘l yuklarining 50% gacha, shu jumladan qurilish materiallari, beton va metallarga ta’sir qiladi.

Alixonovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya blokada bilan bog‘liq holda javob choralarini ko‘radi.

Vilnyus rasmiylari Moskvaning ogohlantirishlarini asosan shov-shuv sifatida qabul qilishdi, deb yozadi New York Times.

Litva parlamentining milliy xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi raisi Laurinas Kashyunas, "Rossiya tahdidlari bizni tashvishga solayotgani yo‘q, Kremlning javob berish imkoniyatlari juda kam", deb izoh berdi.

Uning fikricha, Litva NATO a’zosi bo‘lgani uchun Rossiyadan harbiy javob bo‘lishi dargumon. Agar shunday bo‘lmaganida, Moskva bunday imkoniyatni ko‘rib chiqsa kerak, deb hisoblaydi Kashyunas.
"Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari munosabati bilan Yevropa Ittifoqi tomonidan kiritilgan sanksiyalar Rossiya tarkibiga kiruvchi, ammo mamlakatning qolgan qismi bilan bog‘lanmagan mintaqaning keskin zaifligini ochib berdi", deb yozadi New York Times. U Boltiq dengizi bilan chegaradosh, ammo NATOga a’zo ikki davlat — Litva va Polsha o‘rtasida joylashgan.

Hozircha Rossiya Tashqi ishlar vazirligi elchining chaqiruvini rasmiy tasdiqlaganicha yo‘q.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!