Eron bilan urushning bir haftasi AQShga qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi
AQSh va Isroilning Eronga qarshi qo‘shma harbiy operasiyasining birinchi haftasi Amerika byudjetiga taxminan 6 milliard dollarga tushdi.
The New York Times gazetasining yozishicha, Pentagon vakillari shu hafta Kongressga harbiy harakatlarning dastlabki yetti kunidagi xarajatlar bo‘yicha hisobot bergan. Umumiy summaning qariyb 4 milliard dollari o‘q-dorilarga, birinchi navbatda, Tehronning javob hujumlarini qaytarish uchun ishlatilgan qimmatbaho raketa-tutqichlarga sarflangan.
"Tehrondagi majmuaga berilgan zarba urushning birinchi haftasidagi chigal haqiqatni aks ettiradi: AQSh va Isroilning zaiflashgan raqibga qarshi vayronkor havo kampaniyasi, ammo shu bilan birga, g‘alaba qanday ko‘rinishda bo‘lishi haqidagi savolga deyarli javob yo‘q", — deb qayd etadi nashr.
Jurnalistlarning ko‘rsatishicha, nizo boshlanganidan beri ittifoqchi kuchlar Eron hududidagi nishonlarga, jumladan, ballistik raketalar pozisiyalariga, harbiy shtablar va harbiy-dengiz kuchlari ob’ektlariga 4 mingga yaqin zarba bergan.
Bombardimonlar ko‘lamiga qaramay, Eron o‘z salohiyatining sezilarli qismini saqlab qolmoqda. Amerika rasmiylarining yopiq brifinglarda bergan baholariga ko‘ra, Tehronda raketa arsenalining taxminan yarmi va katta miqdordagi uchuvchisiz uchish apparatlari qolgan.
