Erdo‘g‘on islom davlatlarini faollikka chaqirdi

Erdo‘g‘on islom davlatlarini faollikka chaqirdi

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on islom mamlakatlarini Suriyani siyosiy barqarorlashtirish va ushbu hududdan chiqayotgan terrorizm tahdidini bartaraf etishda faollik ko‘rsatishga chaqirdi.

"Islom dunyosini 10 yildan ortiq vaqt xavotirga solib kelayotgan muammolardan biri Suriyadagi mojarolar hisoblanadi. Turkiya suriyalik 3,5 million qochqinga boshpana berdi. Suriya chegarasi doirasida mojarolarga barham berish uchun barcha sa’y-harakatlarni ishga solmoqda, islom mamlakatlari bu mamlakatda siyosiy barqarorlik o‘rnatish uchun faol harakat qilishi kerak", – dedi Erdog‘an dushanba kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkilotining iqtisodiy va tijorat hamkorligi bo‘yicha doimiy qo‘mitasi majlisida so‘zga chiqib.

TRT telekanali namoyish qilib borgan mazkur majlisda Turkiya yetakchisi ayrim G‘arb mamlakatlarini “Islom davlati” terrorchi guruhlariga qarshi kurashish bahonasida Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilarini hamda uning suriyalik bo‘linmalarini qo‘llab-quvvatlayotganlikda aybladi. "Biz mamlakatimizga xavf solayotgan terrorchi tashkilotlarni yo‘q qilish hamda Suriya va Iroqning hududiy yaxlitligi masalasida qat’iymiz", – deya ta’kidladi u.

Erdo‘g‘on, shuningdek, Turkiya Falastin xalqining qonuniy huquqlarini himoya qilish hamda Quddus va “Al-Aqsa” masjidi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ham sa’y-harakatlarini davom ettirishini ta’kidlagan.

Turkiya Prezidentining fikricha, mavjud muammolarni diplomatiya vositalari bilan hal etish kerak, jumladan, don bo‘yicha bitim, shuningdek, Rossiya va Ukraina o‘rtasida asirlar almashuvi Anqaraning faol ishtirokida amalga oshirildi. "O‘zaro qarama-qarshiliklarni diplomatik yo‘llar bilan hal etish mumkinligini isbotladik", dedi u.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!