Energiya eksportiga zarba: AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi
AQSh Moliya vazirligining chet el aktivlarini nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Eronning neft va suyultirilgan neft gazi (LPG) eksportiga qarshi bosimni kuchaytirib, 50 dan ortiq shaxs, kompaniya va kemalarga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etdi.
OFAC ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tarmoq milliardlab dollarlik Eron neft va neft mahsulotlarini sotish hamda tashishni tashkil etgan. Bu daromad AQSh xavfsizligiga tahdid soluvchi terrorchi guruhlarni moliyalashtirishga xizmat qilgan.
AQSh moliya vaziri Skott Bessentning so‘zlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Eronning energetika eksporti tizimini izdan chiqarish orqali uning terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish imkoniyatini qisqartirmoqda.
“Moliya vazirligi Eronning energiya eksport mashinasining asosiy qismlarini yo‘q qilish orqali bu mamlakatning naqd pul oqimini pasaytirmoqda”, – dedi Bessent.
Bayonotda aytilishicha, Eron neft va gazini tashishda ko‘plab davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan “soya kemalari” tarmog‘i ishlatilgan. Ular Xitoy, BAA, Panama, Hongkong va boshqa mamlakatlar orqali yo‘nalgan.
Sanksiyaga uchragan kompaniyalar orasida BAAda joylashgan Markan White Trading Crude Oil Abroad Co., Slogal Energy DMCC, Amita Petrochemical Trading L.L.C., shuningdek Xitoydagi Shandong Jincheng Petrochemical Group va Rizhao Shihua Crude Oil Terminal Co. bor.
Ular Eronning Persian Gulf Petrochemical Industry Commercial Co. (PGPICC) kompaniyasi orqali yuzlab million dollarlik LPG savdosini amalga oshirgan.
AQSh Moliya vazirligi sanksiyalar ro‘yxatiga uch nafar hindistonlik tadbirkorni ham kiritgan: Varun Pula, Soniya Shrestha va Iyappan Raja. Ular Marshall orollari va Hindistonda ro‘yxatdan o‘tgan kemachilik kompaniyalariga egalik qiladi hamda Eron LPG’sini Xitoy va Pokistonga tashishda ishtirok etgan.
Sanksiyalar, shuningdek, Shandun provinsiyasidagi Shandong Jincheng Petrochemical Group va Rizhao Shihua terminaliga ham qaratilgan. Bu korxonalar so‘nggi ikki yil ichida Eron neftidan yuz millionlab dollar qiymatida mahsulot xarid qilgan.
