Ellik yillik namozini qayta o‘qishga ketgan Shayx

Ellik yillik namozini qayta o‘qishga ketgan Shayx

Zamona shayxining qulog‘iga "Bir yigit masjidda zuhd (parxezkorlik) haqida ma’ruza qilyapti”, degan gap yetibdi. 

Shayx sheriklarini boshlab, o‘sha yigitning oldiga boribdi. Masjidga kirib yigitga savol beribdi:

— Ey sen, menga namoz haqida gapirib ber-chi, nimalarni bilasan?

Yigit javob beribdi:

— Namozning odobidan gapiraymi yoki kayfiyatidanmi?

Shayx ichida shunday dedi: “Ajib, bitta savol bersam, ikkita savol qilib qaytardi-ya”.

— Odobidan gapira qol, — debdi.

Yigit aytibdi:

— Namozning odobi, Allohning amriga ko‘ra o‘rningdan turmog‘ing, savob umidida niyatga qilmog‘ing, Allohni ulug‘lab takbir aytmog‘ing, tajvid ila qiroat qilmog‘ing, xushu’ ila ruku’ qilmog‘ing, xuzu’ ila sajdaga bosh qo‘ymog‘ing, ixlos ila tashahhud o‘qimog‘ing va Allohning rahmati bilan salom berib namozdan chiqmog‘ingdir. 

Shayx yana aytibdi:

— Endi namoz kayfiyatidan gapirib ber-chi?

Yigit: ”Xo‘p bo‘ladi”, deb javob beribdi: 

— Ka’bani ikki qoshing o‘rtasiga, taroziyu mezonni ko‘zing oldiga, pilsirotni oyog‘ing ostida, jannatni o‘ng yoningga, do‘zaxni chap yoningga qo‘yasan, ortingda esa o‘lim farishtasi joningni olishga shay turgan bo‘ladi. Shu holatda namozingni tamom qilasan, shundan so‘ng namozing qabulmi yoki qabul bo‘lmay yuzinga uriladimi, bilmaysan!

Shayx yigitdan: 

— Xuddi shu kayfiyatdagi namozni necha yildan beri o‘qiysan, — deb so‘radi.

— Yigirma yildan beri, — dedi yigit.

Shayx sheriklariga: “Qani ketdik, ellik yillik namozimizni boshidan ado etamiz”, — debdi.

Arab tilidan Abdulatif Abdulg‘ani tarjimasi


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!