Eksportchi korxonalar qo‘llab-quvvatlanmoqda
Yurtimizda eksportchi korxonalarni moliyaviy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar joriy qilingan. Misol uchun, transport xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismi, xalqaro standart sertifikatlari joriy etilganda, ularning to‘lovlari ham davlat tomonidan qoplanadi. Xalqaro ko‘rgazmalar, yarmarkalarda tadbirkorlar ishtirokini ta’minlashda ham xarajatlarning ma’lum bir qismi to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, eksportchi korxonalar eksportga chiqayotgan mahsulotlar uchun yagona soliq va foyda solig‘idan ozod etildi. Deylik, bir korxona ishlab chiqarayotgan mahsulotining 30 foizini eksport qilsa, o‘sha 30 foiz mahsulot uchun foyda va yagona soliqdan ozod etiladi. Eksportchi korxonalar uchun yana bir soliq imtiyozi bor. Ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) qaytarib olish imkoniyati yaratilgan.
Mikrokreditbank ATB tomonidan ham eksportchi korxonalarni jumladan, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning loyihalari moliyalashtirilib kelinmoqda.
2023 yilda 225 ta Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 489,4 mlrd. so‘mlik loyihalari moliyalashtirildi va natijada 15,7 mln. AQSh dollari miqdorida eksport tushumi amalga oshirildi.
2024 yilning joriy davriga qadar esa 707 ta Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlarining 354,2 mlrd. so‘mlik loyihalari moliyalashtirilishi hisobiga 11 mln. AQSh dollari miqdorida eksport tushumiga erishildi.
Misol uchun, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi “XOJELI UN MAHSULOTLARI” korxonasiga aylanma mablag‘ni to‘ldirish uchun bug‘doy sotib olish sharti bilan 12 oy muddatga 500 000 AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Natijada 2023 yilda 1,4 mln AQSh dollari, 2024 yilning birinchi choragida esa 0,5 mln. AQSh dollari miqdorida un mahsulotlari eksportini amalga oshirdi. Quvonarlisi, ushbu korxonada doimiy ishchilar soni 53 nafarni tashkil etadi.
Mikrokreditbank tomonidan eksport bilan shug‘ullananib, milliy mahsulotlarimizni jahonga olib chiqayotgan, bu orqali davlatimizning iqtisodiy salohiyati ortishiga munosib hissasini qo‘shib kelayotgan tadbirkorlarni imtiyozli shartlarda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash davom ettiriladi.
Bank Axborot xizmati