AQSh “qora daftar”ini yana ochdi
Xitoy, Rossiya, Hindiston, Turkiya kabi yana bir necha mamlakatdan 400 ga yaqin kompaniya va jismoniy shaxs AQSh Moliya vazirligi va Davlat departamenti tomonidan sanksiya ro‘yxatiga qo‘shib qo‘yildi.
Qo‘shma Shtatlar ushbu davlatlarni RF urush harakatiga yordam beradigan mahsulot yoki xizmat taqdim etishda ayblagan.
G‘aznachilik va Davlat departamenti tomonidan olib borilayotgan sa’y-harakat Kremlga moddiy yordam ko‘rsatish yoki 2022 yil fevral oyida Rossiya-Ukraina mojarosi boshlangandan beri mamlakatga kiritilgan minglab sanksiyani chetlab o‘tishda Moskvani qo‘llayotgan "uchinchi tomonlar"ni jazolashga qaratilgan.
"Qora ro‘yxat"ga tirkalganlar orasida RFga ilg‘or texnologiya yetkazib berishda ayblangan 274 kompaniya, shuningdek Ukrainaga qarshi qo‘llangan qurol-aslahani ishlab chiqargan va saqlagan firmalar borligi ta’kidlanmoqda.
Bundan tashqari Rossiya Mudofaa vazirligining bir necha yuqori martabali amaldori va mudofaa kompaniyalari, harbiy-sanoat bazasidagi bo‘shliqni to‘ldiruvchi va ikki maqsadli mahsulot eksport qiluvchi Xitoyda joylashgan korxonalar guruhi hamda Lukashenko rejimining rus sanoatini qo‘llab-quvvatlaydigan Belarus yuridik va jismoniy shaxslariga nisbatan diplomatik sanksiya joriy etildi.
G‘aznachilik kotibi o‘rinbosari Uolli Adeyemo ta’kidlashicha, AQSh va ittifoqchilar “RF harbiy imkoniyatini pasaytirish, sanksiya va eksport nazoratini chetlab o‘tishga intilayotganlarni to‘xtatish bo‘yicha qat’iy” kelishib olgan.
Ma’lumki, Qo‘shma Shtatlar boshchiligida RFga nisbatan oldin ham ko‘p cheklov joriy qilingan. Shunga qaramasdan, Rossiya neft va gazni xalqaro bozorda sotish orqali o‘z iqtisodiyotini ko‘tarishda davom etib, sanksiya samaradorligini so‘roq ostiga qo‘ygani aytilmoqda.
Joriy yil boshida AQSh Ukrainaga qo‘shimcha yordam jamlanmasini ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu ma’muriyatga AQShda joylashgan Rossiya davlat aktivini tortib olish va ushbu mablag‘ aylanmasi foizidan Kiyev manfaati uchun foydalanish imkonini beradi.
Ko‘p o‘tmay “Ettilik” guruhi - badavlat demokratik davlatlar rahbarlari Ukrainaga “omon qolish uchun” kurashda yordam berish maqsadida 50 milliard dollar kredit ajratishga kelishdi.
Darvoqe, bu qarorlar RF va KXDR aloqasi chuqurlashayotgan, jumladan Kim Chen In Moskvaga 10 minglab harbiy jo‘natgan bir paytda qabul qilinmoqda.