AQSh bir yilda Isroilga 17,9 milliard dollar berdi
Amerika Qo‘shma Shtatlari 2023 yil 7 oktyabrdan beri Isroilga jami 17,9 milliard dollarlik harbiy yordam ajratdi. Bu haqda Braun universiteti qoshidagi Uotson xalqaro va jamoatchilik bilan aloqalar instituti tomonidan tayyorlangan hisobotda aytilgan. Mazkur hujjat “2023 yil 7 oktyabrdan 2024 yil 30 sentyabrgacha bo‘lgan davrda Isroilning musulmonlar qirg‘ini va AQShning mintaqadagi tegishli operasiyalari xarajati” deb nomlangan.
Mualliflar aniqlashicha, bu davrda “Xorijiy harbiy moliyalashtirish” dasturi doirasida 6,8 milliard dollar, raketaga qarshi mudofaa tizimi, jumladan “Temir gumbaz”ni ishlab chiqish va modernizasiya qilish uchun 5,7 milliard, og‘ir qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish uchun 1 milliard va 4,4 milliard dollar ajratgan.
Umumiy miqdorning bir qismi o‘tgan yillarda tuzilgan kelishuvlarga muvofiq berilgan.
Keltirilgan raqamlar Vashington tomonidan belgilangan muddat ichida Isroil armiyasiga ko‘rsatilgan umumiy yordamning faqat ommaga oshkor qilingan qismidir.
Masalan, mart oyida “Washington Post” Qo‘shma Shtatlar Isroilga 100 dan ortiq harbiy texnika sotishga “yashirin” ruxsat berilganini yozgan.
Qayd etilishicha, Bayden ma’muriyati 13 avgust kuni ushbu davlatga 20 milliard dollardan ziyod qiymatga ega qurol sotishni ma’qullagan.
Umuman, Qo‘shma Shtatlar 50 yildan buyon Isroilning eng yirik qurol yetkazib beruvchisi sifatida armiyani jihozlash va mamlakat harbiy sanoatini rivojlantirishda tarixiy ahamiyat kasb etib keladi.
– Ikkinchi jahon urushidan keyin Isroil eng ko‘p AQShdan harbiy yordam olgan, – deyiladi hisobotda. – 1959-2024 yillari bu miqdor 251,2 milliard dollarni tashkil etgan. Institut xodimlari fikricha, bu ko‘mak 1978 yildan buyon barqaror o‘sgan. Bayden ma’muriyati davrida mazkur an’ana avj olgan.
O‘tgan yil AQSh Isroilning Yaqin Sharqdagi qirg‘inini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 22,76 milliard dollar sarflagan.