Dushanbeda O‘zbekiston-Tojikiston birinchi Rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi

Dushanbeda O‘zbekiston-Tojikiston birinchi Rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi

Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibroxim Abdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegasiya 13-15 mart kunlari amaliy tashrif bilan Tojikistonda bo‘ldi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashrif davomida O‘zbekiston-Tojikiston birinchi Rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi.

Forum ishtirokchilari ushbu tadbir ikki davlat rahbarlarining o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirishdagi sa’y-harakatlari hamda strategik sheriklikning yana bir misoli sifatida tashkil etilganini alohida ta’kidladilar.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yildagi Tojikistonga tarixiy tashrifidan so‘ng ikki davlat o‘rtasidagi barcha sohalarda bo‘lgani kabi ta’lim jabhasida ham yangi sahifa ochilganini alohida qayd etishdi. Xususan, O‘zbekiston-Tojikiston Birinchi rektorlar forumi uzoq kutilgan tadbirlardan biri ekanligi hamda ushbu tadbir universitetlar o‘rtasida yangi loyihalarni amalga oshirishga hizmat qilishi ta’kidlandi.

Anjuman doirasida U2U shaklida rektorlar muzokaralari tashkil etildi. Bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida 28 ta Anglashuv memorandumi va bitimlar imzolandi.

O‘zbekiston delegasiyasi tashrif davomida, shuningdek, ushbu mamlakat oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tadbirda mamlakatimiz elchisi Ergash Shaismatov O‘zbekiston Konstitusiyasini isloh qilishdagi to‘rtta ustuvor yo‘nalishlar haqida ma’lumot berdi. Joriy yilning 9-10 mart kunlari bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masala muhokama qilingani ma’lum qilindi.

Bo‘lajak referendum yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishiga katta hajmda tayyorgarlik ko‘rilayotgani qayd etilgan holda vatandoshlar ushbu siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga da’vat qilindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!