Dubayda Qodirovlar oilasiga tegishli to‘rtta villa aniqlandi

Checheniston rahbarining amakivachchasi Shahrudi Edilgiriyev Dubayda umumiy qiymati 20 million dollardan oshiq bo‘lgan to‘rtta hashamatli ko‘chmas mulkka egalik qilishi ma’lum bo‘ldi. Bu Birlashgan Arab Amirliklarining (BAA) eng yirik shahrida ko‘chmas mulk haqidagi ma’lumotlar sizib chiqishi natijasida aniqlandi, deya xabar bermoqda «Vajnie istorii». Jurnalistlar qo‘liga tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, Edilgiriyev birinchi villani 2022 yil dekabr oyida Zabeel Investment qurilish kompaniyasidan xarid qilgan. Sun’iy Palm-Jumeyra orolidagi 1026 kvadrat metrli ushbu ko‘chmas mulk unga 53 million dirham yoki 14,4 million AQSh dollariga tushgan. Bu Usmonli uslubidagi besh xonali uy - Zabeel Saray mehmonxona majmuasi hududida joylashgan "Qirollik villalari" qatoriga kiradi.
Edilgiriyev uyni sotib olishidan oldin, bu villa "hashamat, qulaylik va eksklyuziv yolg‘izlik" izlayotgan mehmonlarga ijaraga berib kelingan. "Ukrainskaya pravda" nashrining ilgarigi tadqiqotida yozilishicha, Qodirov bu villadan taxminan 2014 yildan beri Chechenistonning "norasmiy elchixonasi" sifatida foydalanib kelgan.
Checheniston rahbarining arab va musulmon mamlakatlaridagi o‘sha paytdagi vakili, Qodirovning yana bir amakivachchasi Turko Dovudov ham shu uyda istiqomat qilgan. Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqotlari instituti o‘z ma’ruzasida ta’kidlaganidek, aynan uning sa’y-harakatlari tufayli Yaqin Sharq davlatlari Ukrainadagi urush sababli Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan.
2023 yil oktyabr oyida Edilgiriyev Dubayda yana uchta hashamatli villani sotib oldi. Ular shaharning quruqlik qismida joylashgan bo‘lib, umumiy qiymati 6 million dollarga yaqin. Qodirov uni tug‘ilgan kuni bilan tabriklaganidan ikki kun o‘tgach, u ushbu xaridni amalga oshirdi. Edilgiriyev - Qodirovning uch amakivachchasining eng kichigi hisoblanadi. Ular ham Checheniston rahbari singari Sentoroy qishlog‘ida tug‘ilishgan, ularning onasi Ramzanning otasi Ahmad Qodirovning tug‘ishgan singlisi bo‘lgan.
Aka-ukalarning kattasi Amrudiy Edilgiriyev Checheniston hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ishlagan, hozirda esa respublikada masjidlar qurilishiga mas’ul hisoblanadi. Der Spiegel nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘rtancha ukasi Paxruddiy Edilgiriyev Qodirovning qo‘riqlash xizmatida ishlagan va inson huquqlari himoyachisi Muhammad Abdurahmonovga suiqasd tayyorlashda ayblanib, Yevropa Ittifoqi tomonidan qidiruv e’lon qilingan.
Qodirovning BAA bilan aloqalari mustahkam. 2021-2022 yillarda uning shaxsiy samolyoti mamlakatga kamida 14 marta uchgan, deb hisoblashmoqda jurnalistlar. FlightRadar24 ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-2024 yillarda Qodirovning samolyoti Dubay va uning atrofida kamida to‘rt marta bo‘lgan. Qodirov RF prezidenti Vladimir Putinning BAAga rasmiy tashriflarida bir necha bor hamrohlik qilgan.