Davlat byudjetiga undirilgan bojxona to‘lovlari o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga oshdi
AOKAda Bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Husan Tangriyev ishtirokidagi brifingda 2024 yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Qayd etilishicha, 17 mingga yaqin tadbirkorga bojxona to‘lovlaridan 49,6 trillion so‘mlik imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi, 6,6 trillion so‘mlik bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.
9 mingga yaqin holatda 914 milliard so‘mlik tovarlar, 35 milliard so‘m ekvivalentidagi valyuta qimmatliklari, 76 milliard so‘mlik zargarlik buyumlari, 62 milliard so‘mlik tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanuviga chek qo‘yildi.
2024 yilda bojxona organlari tomonidan 1 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, 554 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Bojxona tartibotlarini soddalashtirish orqali 6 mingga yaqin eksportyor hamda 20 mingga yaqin importyorning ortiqcha sarf-xarajati va vaqti tejalishiga erishildi.
Xorijiy investisiyalar bilan ishlash yo‘nalishida 474 ta loyiha ijrosida 8 milliard dollardan ortiq xorijiy investisiyalar o‘zlashtirilishi muvofiqlashtirildi.
2025 yilda bojxona organlari tomonidan bojxona qonunchiligini yanada takomillashtirish, sohani raqamlashtirishga qaratilgan axborot tizimlarining qamrovini kengaytirish, bojxona nazorati tartibotlarini soddalashtirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar belgilab olingan.