Darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilarning xonadoniga “Ogohlantirish xati” yetkaziladi

Darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilarning xonadoniga “Ogohlantirish xati” yetkaziladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida maxsus Ishchi guruh tuzildi hamda bu borada kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar rejasi tuzib chiqildi.

Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Dilfuza Sobirova ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, endilikda ota-onalar va mahalla faollari ishtirokidagi “maktab — ota-ona — mahalla” hamkorligi uzviy tashkil etiladi. Shu maqsadda o‘quvchilarning darsda ishtirok etish ko‘rsatkichlari haqqoniyligini ta’minlash uchun “e.maktab elektron kundalik”ka o‘qituvchilar va sinf rahbarlari tomonidan o‘z vaqtida qaydlar kiritib boriladi.

Respublikadagi barcha maktablarga ota-onalarga yuboriladigan “Ogohlantirish xati” namunalari yetkazilgan bo‘lib, bu orqali darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar oila a’zolarining mas’uliyati va javobgarligi ham oshiriladi. Endilikda maktab mas’ullari tomonidan shu namunadagi “Ogohlantirish xati” tezkor ravishda o‘quvchilarning yashash manzillariga yetkaziladi.

Bunda ota-onalarning o‘z farzandlarining maktabga borishini ta’minlash mas’uliyatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi MJtK 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan. Mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun har bir maktabga Milliy gvardiya ofiserlari biriktirildi.

Shuningdek, haftada kamida bir marotaba Milliy gvardiya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakillari ishtirokida bolalarning ma’naviyati, tarbiyasi va davomadi bo‘yicha ota-onalar bilan uchrashuvlar o‘tkazish amaliyoti joriy etilmoqda.

Jumladan, o‘quvchilarning darsda muntazam ishtirokini ta’minlash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun to‘garak va mashg‘ulotlarni ko‘paytirish, ushbu jarayonlarga ota-onalar va hududdagi faol fuqarolarni keng jalb etish bo‘yicha aniq vazifalar amalga oshiriladi.

Mazkur vazifalar ijrosi bo‘yicha o‘tgan uch kun davomida Milliy gvardiya bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor choralar natijasida 1000 dan ortiq maktabda o‘quvchilar davomadi o‘rganildi. Surunkali yoki muntazam dars qoldirayotgan 451 nafar o‘quvchining darsga qatnashishi ta’minlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!