Chiqindi xizmati uchun to‘lov qilmaganlarning xorijga chiqishi taqiqlanishi mumkin

Chiqindi xizmati uchun to‘lov qilmaganlarning xorijga chiqishi taqiqlanishi mumkin

“Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish tizimini isloh qilish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–189-son, 11.08.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, tadbirkorlik sub’ektlari – sanitar tozalash korxonalaridan (davlat unitar korxonalari bundan mustasno) undiriladigan quyidagi majburiy to‘lovlar bekor qilinadi.

2026 yil 1 yanvargacha asosiy faoliyati chiqindilarni to‘plash, olib chiqib ketish, saralash va qayta ishlash hisoblangan tadbirkorlik sub’ektlari uchun ushbu faoliyat turi bo‘yicha foyda solig‘i (tijorat banklarida joylashtirilgan mablag‘lardan olingan foizlardan tashqari) va ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida qo‘llaniladi.

Qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasida xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan davlat korxonalari hisobidagi maxsus avtotransportlar va texnikalarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sherikka berish muddati 7 yildan 10 yilga hamda bir yillik imtiyozli davr bilan uzaytiriladi.

2023 yil 1 yanvargacha aholini uning qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi haqida foydalanilgan elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni yuritish billing tizimi orqali xabardor qilish tizimi joriy etiladi.

2023 yil 1 yanvardan yangi quriladigan ko‘p kvartirali uylarni chiqindi to‘plash joylarini belgilamasdan loyihalashtirish hamda foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.

2022 yil 1 oktyabrgacha aholiga qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun to‘lovlarni barcha mavjud to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

2022 yil 1 noyabrgacha qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun aholi tomonidan majburiy to‘lovlarni to‘lash va hisobini yuritishning yagona elektron tizimi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integrasiyalashuv platformasi va “Xorijga chiqish pasporti” axborot tizimi bilan integrasiya qilinishi ta’minlanadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!