Buxoroga «Butunjahon hunarmandlar shahri» maqomi berildi

Buxoroga «Butunjahon hunarmandlar shahri» maqomi berildi

Bundan bir necha oy muqaddam Buxoro shahriga Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti Saad-al Kaddumi boshchiligidagi xalqaro o‘rganish hay’ati a’zolari tashrif buyurib, bu ko‘hna zaminda umrguzaronlik qilayotgan xalq amaliy san’ati ustalari faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

— Hozir dunyoning 30 ta shahri «Butunjahon hunarmandlar shahri» ro‘yxatiga kiritilgan. Bu ro‘yxat Buxoro shahri hisobiga kengayadi, degan umiddaman. Negaki, shahringiz bu maqomga munosib, — deya ta’kidlagan edi Saad al-Kaddumi jurnalistlar bilan muloqotda.

Buxoroga «Butunjahon hunarmandlar shahri» maqomini berish yuzasidan o‘rganish ishlari xayrli nihoya topdi. Ko‘hna kentda davom etayotgan xalqaro zardo‘zlik, zargarlik va kashtachilik festivali chog‘ida Buxoroga «Butunjahon hunarmandlar shahri» maqomi berilgani haqidagi xushxabar tarqadi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi «Hunarmand» uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev ana shuni ma’lum qildi. Aytmoqchi, Butunjahon hunarmandlar Kengashi prezidenti Saad-al Kaddumi ayni paytda Buxoroda bo‘lib turibdi. U xalqaro festivalda ishtirok etmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!