Buxoroda koloniyadan qochishga uringan jinoyatchilarga hukm o‘qildi

Buxoroda koloniyadan qochishga uringan jinoyatchilarga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudining ochiq sud majlisida, sudlanuvchi O.Saidov, R.Dadaboyev, A.Mahkamov va O.Jumartovlarga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, ularga nisbatan tegishli hukm va jazo tayinlandi.

Ish holatiga ko‘ra sudlanuvchi O.Saidov jazoni o‘tash uchun 2018 yil 21 noyabr kuni Buxoro viloyati IIB Jazoni ijro etish boshqarmasiga qarashli 1-sonli jazoni ijro etish kaloniyasiga etap qilib olib kelinganidan so‘ng, mazkur muassasa hududidan qochib ketishni rejalashtirib, O.Saidov muassasa hududidan qochib chiqish mumkin bo‘lgan joy qidirib, muassasa atrofini o‘rab turgan devor yaqinida joylashgan mahkumlar uchun mo‘ljallangan 5-6 bino hojatxonasi ostidan lahm qazish orqali muassasa tashqarisiga chiqib, qochib ketish mumkinligini o‘ylab, o‘zining jinoiy rejasi haqida 2018 yil dekabr oyi boshlarida mazkur jazoni ijro etish muassasasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar O.Jumartov, R.Dadaboyev va A.Mahkamovlarga ma’lum qilib, ular bilan birgalikda muassasa hududidan qochib ketish yuzasidan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib, bu borada jinoiy reja tuzishgan. O.Saidov jinoiy guruh rahbari sifatida jinoiy guruh a’zolarining vazifalarini o‘zaro taqsimlab, unga ko‘ra o‘zi va R.Dadaboyevlar hojatxona ichki qismidagi oxirgi o‘rindiq joyining beton qismini sindirish orqali yer to‘laga tushish uchun maxsus joy tayyorlash, O.Jumartov va A.Maxkamovlar hojatxona yer to‘lasiga tushib, yer to‘ladan muassasa tashqarisiga olib chiqadigan maxsus lahm qazish kabi vazifalarni bajarishlari lozim bo‘lgan va shu maqsatda o‘zlariga kerak bo‘ladigan belkurak, bolg‘a, chelak, temir bo‘laklari singari anjomlarni hojatxonaga olib kelib qo‘yishgan. Shu tariqa, 2018 yil 28 dekabr kuni jinoiy guruh a’zolari o‘zlarining jinoiy hatti-harakatlarini amalga oshirish maqsadida 5-6 bino mahkumlar hojatxonasiga kelib, oldindan olib kelib qo‘ygan bolg‘a, temir bo‘lagi singari anjomlar bilan hojatxonaning o‘tirish uchun mo‘ljallangan ustki qismi (chashagen)ni va uning atroflarini beton qismini sindirish orqali maxsus teshik hosil qilishgan. Shundan so‘ng, 2018 yil 29 dekabr kuni jinoiy guruh a’zolari hojatxonaga borib, o‘zlari tomonidan tayyorlab qo‘yilgan maxsus teshik orqali hojatxonaning yer to‘lasiga tushib, jinoiy hatti harakatlarini amalga oshirish maqsadida oldindan olib kelib qo‘ygan katta bolg‘a yordamida yer to‘laning betondan iborat bo‘lgan pastki 1,0x1,30 metr hajm kattalikdagi qismini sindirib, belkurak yordamida lahm qazishni boshlab, keyinchalik kunning ma’lum bir qismida muassasa qo‘riqchalariga sezdirmasdan jinoiy guruh a’zolari navbat bilan lahm qazib borishga o‘zaro kelishib olgan.

Chunonchi, 2019 yil 1 yanvar kuni soat taxminan 15:00 larda jinoiy guruh a’zolari A.Maxkamov va O.Jumartovlar hojatxona yer to‘lasiga tushib, lahm qazish ishlarini davom ettirayotgan vaqtlarida ularning jinoiy hatti-harakatlari muassasa xodimlari tomonidan aniqlanib, jinoyat ustiga qo‘lga olinib, jinoiy harakatlarini o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olmasdan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan qo‘riqlov ostidagi saqlash joyidan qochishga suiqasd qilish jinoyatini sodir qilishgan.

Sud majlisida sudlanuvchi Saidov Otabek Baxriddinovichga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,222-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 34,60-moddasiga asosan uni o‘ta xavfli residivist deb topilib, o‘tash uchun uzil-kesil 16 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Dadaboyev Ro‘zimatjon Maxammadaliyevichga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,222-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 60-moddasiga asosan o‘tash uchun uzil-kesil 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, Maxkamov Azizbek Abdullajonovichga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,222-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 60-moddasiga asosan o‘tash uchun uzil-kesil 8 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda Jumartov Otabek Shavkatjon o‘g‘liga O‘zbekiston Respublikasi JKning 25,222-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan aybli deb topilib, JKning 60-moddasiga asosan o‘tash uchun uzil-kesil 12 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!