Bu yil 5,1 mlrd kub metrdan ortiq ortiq gaz zaxirasi yig‘ildi – energetika vaziri
Joriy yilda O‘zbekistonla katta hajmda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanib, generasiya quvvatlarini oshirishga erishildi. Barcha turdagi zaxiralar, jumladan, yoqilg‘i zaxiralari tayyorlandi. Birinchi o‘rinda tabiiy gazni yer ostiga yig‘ish jarayoni boshlandi.
Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Youtube’dagi «Lolazor» podkastida aytib o‘tdi.
«Bugungi kunda energetika sohasida biz faqat kuz-qish mavsumiga emas, balki yozgi mavsumga ham tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Sababi shundaki, yozda harorat oshishi bilan energiya iste’moli ham ortmoqda. Bu holat faqat bizda emas, boshqa davlatlarda ham kuzatilmoqda. Hatto Rossiya kabi barqaror energiya tizimiga ega davlatda ham, bu yozda ayrim hududlarda cheklovlar joriy etildi.
Shuning uchun energetiklarimiz har doim tayyor turishadi, lekin bu yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik alohida erta boshlandi. Prezidentimiz tizimlarni tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar bergan edilar. Mavjud kamchiliklardan saboq olgan holda, hamma tizim — qazib chiqarish, yetkazib berish, taqsimlash va eng asosiysi generasiya masalalariga katta e’tibor qaratildi. Qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish ham muhim bo‘ldi, chunki oldingi yillarda eng katta muammo generasiyada edi. Iste’mol oshib borgani bilan yangi quvvatlar yetarlicha qo‘shilmagan edi.
Bu yilda esa katta hajmda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanib, generasiya quvvatlarini oshirishga erishildi. Agar keyin raqamlarda ko‘rsatilsa, qancha quvvat qo‘shilgani va uning natijalari yaqqol ko‘rinadi. Eng asosiysi, tayyorgarlik yuqori darajada bo‘ldi. Barcha turdagi zaxiralar, yoqilg‘i zaxiralari tayyorlandi. Birinchi o‘rinda tabiiy gazni yer ostiga yig‘ish jarayoni boshlandi», – dedi vazir.
Mirzamahmudov, shuningdek, ayni kunlarda mamlakat yer osti gaz omborlariga yig‘ilgan gaz zaxirasi haqida ham ma’lumot berib o‘tgan.
«Hozirda yer ostidagi gaz omborlariga 5,1 milliard kubometrdan ortiq gaz zaxirasi yig‘ildi. Bu, o‘tgan yilga nisbatan qariyb 1 milliard kubometr ko‘proq gazni anglatadi. Bu jarayonni o‘tgan yildagi holatlar bilan solishtirsak, zaxiralar tayyorlash, texnik xizmat va ta’mirlash bo‘yicha ko‘plab ishlar amalga oshirildi», – degan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov.